3-may kuni pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni tezlashtirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida 2024−2027 yillar davomida tutzorlar yer maydoni 160 ming gektarga, dala chetlaridagi yakka qator ekilgan tut daraxtlari soni 500 mlnga yetkaziladi.

Ipak qurti urug‘iga bo‘lgan ehtiyojni mahalliylashtirish darajasi 80%ga yetkaziladi. Mamlakatda ishlab chiqariladigan xom ipak sifati 5A klassga hamda uni qayta ishlash darajasi 75%ga oshiriladi.

Prezidentning 2023-yil iyun oyidaigi farmonida nazarda tutilgan 105 ming gektar yer maydoni “E-auksion” elektron savdo platformasiga joylashtiriladi. Bunda yerlarga ijaraga berish uchun aniqlangan boshlang‘ich bahosining 10%i miqdoridagi narx belgilanadi.

Pillani qayta ishlash va pilla qurti urug‘ini ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan pilla boquvchilarga yetkazib berilgan ipak qurti urug‘i uchun subsidiya ajratiladi.

Fevral oyida Vetnam va Xitoy tajribasi asosida pillani sanoat usulida yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligi oshirilishi belgilandi. Buning uchun tarmoq ikki bosqichda bozor tamoyillariga o‘tadi.

2025-yildan narxni davlat belgilashi, klasterlarga tumanlarni biriktirish, fermer va kasanachilar o‘zi yetishtirgan pillani faqat klasterlarga sotishi bekor qilinadi.