Avvalroq prezident raisligida agrar sohadagi vazifalar va rejalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari yig‘ilishda ipakchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, tarmoqda keskin o‘zgarish qilish zarurligini ta’kidladi.

Vetnam va Xitoy tajribasi asosida pillani sanoat usulida yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligi oshiriladi. Buning uchun esa tarmoq ikki bosqichda bozor tamoyillariga o‘tiladi.

Birinchi bosqichda joriy yil pilla narxi 25%ga oshiriladi. Aholiga pilla yetishtirish uchun subsidiya berilib, pilla yetishtiruvchilar daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Ikkinchi bosqichda esa 2025-yildan narxni davlat belgilashi, klasterlarga tumanlarni biriktirish, fermer va kasanachilar o‘zi yetishtirgan pillani faqat klasterlarga sotishi amaliyotidan voz kechiladi.

Ya’ni, pilla fermer va klaster o‘rtasida erkin narxda tuziladigan shartnoma asosida yoki birja orqali sotiladi.

Pillachilikni rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Ipak qurtini xonadonlarga tarqatib, o‘rma tutzor tashkil etish va uy sharoitida tayyor ipak ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha tizim yaratiladi.

Ozuqa-yem bazasini ko‘paytirish uchun bu yil dalalar atrofida 150 mln yangi navli hosildor tut ko‘chatini ekish topshirildi.

Ipakchilik instituti huzurida 2ta naslli urug‘lik stansiyasi ishga tushiriladi hamda institutga xitoylik mutaxassislar taklif qilinib, naslli ipak qurti zotlarini yaratish boshlanadi.

Yig‘ilishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyatiga tajriba asosida qishloq xo‘jaligining har bir tarmog‘ini rivojlantirish, sohaga innovatsiyalarni olib kirish bo‘yicha takliflar va amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqib, taqdimot qilish topshirildi.

“Har bir rahbar samaradorlik va talabchanlikni sezishi kerak, qog‘ozdagi raqamlar amaliy natijaga aylanishi shart va zarur”, — dedi prezident so‘zining yakunida.

Bugun belgilab berilgan vazifalar ijrosi uchun mas’uliyatni, intizom va nazoratni kuchaytirish talabi qo‘yildi.

Topshiriqlar ijrosini muvofiqlashtirish uchun hukumatda shtab tashkil qilinadi. Unda kunlik nazorat va haftalik muhokama qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

2023-yilning iyulida pilla qurti urug‘ini ishlab chiqaruvchilarga subsidiya berilishi belgilangandi. Bunda subsidiya miqdori yetkazib berilgan har bir quti ipak qurti urug‘i uchun 120 ming so‘mni tashkil etadi.