Hukumatning Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritish haqidagi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, urug‘liklar, ko‘chatlar va sug‘orish vositalari xarid qilish uchun subsidiya faqat tomorqa yer egasiga ajratilishi haqidagi talab bekor qilindi.

Mazkur turdagi issiqxonalarni o‘rnatish, urug‘liklar, ko‘chatlar va sug‘orish vositalarini xarid qilishga beriladigan subsidiyalar miqdori bekor qilindi.

Ilgari mazkur turdagi xarajatlar uchun BHMning 3 baravaridan 30 baravarigacha miqdorida subsidiyalar berilardi. Endilikda subsidiya miqdori agentlikning hududiy boshqarmasi, yetkazib beruvchi tashkilot va talabgor o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnoma shartlariga bog‘liq bo‘ladi.

Talabgor subsidiya ajratish bo‘yicha tavsiya berishni so‘rab, doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisiga yoki “Onlayn mahalla” platformasi orqali murojaat qilishi mumkin.

Arizada talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, pasport seriyasi va raqami (identifikatsiyalovchi ID-karta raqami), ishsiz, kam ta’minlangan yoki kambag‘al oila a’zosi ekanligi hamda so‘ralayotgan subsidiyaning turi ko‘rsatiladi.

Hokim yordamchisi quyidagi ma’lumotlarni o‘rganadi:

  • talabgorni issiqxona, sug‘orish vositalarini o‘rnatish, urug‘lik, ko‘chatlar ekish imkoniyati mavjudligi;
  • ishsiz, kam ta’minlangan yoki kambag‘al oilaning a’zolaridan biri ekanligi;
  • so‘ralayotgan subsidiya turidan ilgari foydalanmaganligi;
  • tomorqa yerining mavjudligi va boshqalar.

O‘rganish natijalari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiradi. Tavsiya va dalolatnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarning haqqoniyligiga hokim yordamchisi javobgar hisoblanadi.

Yil boshida prezident issiqxona xo‘jaliklarini kreditlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi. Ixcham issiqxonalar qurishga garovsiz kreditlar ajratilishi belgilandi.

Aprelda aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirishni takomillashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi. Qaror bilan, 10 sotixli ixcham issiqxonalarni qurishga 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi.