Avvalroq prezident raisligida agrar sohadagi vazifalar va rejalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda issiqxonalarda mahsulot yetishtirishni qo‘llab-quvvalash bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilab olindi.

Davlat rahbari issiqxona xo‘jaliklarini kreditlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi.

Xususan, yoqilg‘isiz isitiladigan, ixcham issiqxonalarni barpo qilish tajribasi asosida 10 sotixli 200tagacha ixcham issiqxona qurish vazifasi qo‘yildi. Bunda mazkur issiqxonalar tayyor holda topshirish sharti bilan quriladi.

Bu maqsadlarga “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

2023-yilning oktabrida hukumat qarori bilan issiqxona xo‘jaliklari va meva-sabzavotlarni eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Bunda issiqxonalarga ko‘mir qozonlarini xarid qilish xarajatlarining 20%i miqdorida kompensatsiya to‘lanishi belgilandi. Buning uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 25 mlrd so‘m ajratiladi.

Avvalroq Toshkentdagi issiqxonalardan birida avtomobil shinalari yoqilgani aniqlangandi. Holat bo‘yicha qozonxonani ta’mirlash, maxsus chang-gaz ushlab qoluvchi filtrlarni yangilash hamda avtotransport shinalarini yoqmaslik to‘g‘risida ogohlantirish berilgan.