Toshkentdagi issiqxonalardan birida avtomobil shinalari yoqilganligi aniqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Bektemir tumanida korxonalardan atmosferaga zaharli gazlar chiqarilayotgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi tomonidan holat o‘rganildi.

Natijada, tumandagi “Bekuz kelajak” issiqxonasining filtrlovchi moslamalari nosoz ekanligi hamda olov yoqishda avtomobil shinalaridan foydalanilganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan issiqxona mas’ul xodimidan tushuntirishi xati olinib, qozonxonani ta’mirlash, maxsus chang-gaz ushlab qoluvchi filtrlarni yangilash topshirilgan.

Shuningdek, avtotransport shinalarini yoqmaslik to‘g‘risida ogohlantirish berilgan. Tabiatga yetkazilgan zararni hisoblash uchun issiqxonaga ekolaboratoriya xodimlari jalb qilingan.

Avvalroq Ekologiya vazirligi Toshkent yaqinidagi issiqxonalarda atmosferaning ifloslanish darajasini o‘rganayotgani haqida xabar berilgandi.

Issiqxonalardagi yoqilg‘i turlari, yoqish qurilmalarining holati to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, gazlarni tozalash qurilmalari o‘rnatilganligi tekshirilmoqda.