Smartfonda skrinshot olish insonning ko‘rgan ma’lumotlarini eslab qolish qobiliyatini susaytirishi mumkin.

Olimlar tasvirni saqlab qo‘ygan odamlar undagi ma’lumotlarni yomonroq eslab qolishini aniqladi. Shu bilan birga, skrinshot olishning miya uchun qo‘shimcha foydasi ham aniqlanmadi. Tadqiqotchilar bunday xulosaga yettita tajriba natijasida kelgan. Natijalar Memory & Cognition jurnalida e’lon qilindi.

Tadqiqotchilar suratga olish natijasida xotiraning susayishi effektini o‘rgandi. 2014-yilda olimlar odamlar buyumlarni shunchaki tomosha qilish o‘rniga suratga olganida, ularning tafsilotlarini yomonroq eslab qolishini aniqlagan. Bunga kamera inson e’tiborini obyektdan chalg‘itishi sabab bo‘lishi mumkin.

2025-yilda bu effekt smartfonda skrinshot olishda ham kuzatilgan. Qizig‘i, xotiraning susayishi oddiy suratga olishdagidan ham kuchliroq bo‘lgan. Bu tadqiqotchilarni hayron qoldirgan, chunki skrinshot olishda tasvirdan ko‘zni uzish yoki kadr tanlash talab etilmaydi.

Yangi tadqiqotda olimlar buning ikkita sababini tekshirdi. Birinchisi — skrinshot olish inson e’tiborini chalg‘itishi. Ikkinchisi — odam saqlangan tasvirni tashqi “xotira” sifatida qabul qilib, uni yodda saqlashga kamroq kuch sarflashi. Bu jarayon kognitiv yuklamani kamaytirish (cognitive offloading) deb ataladi.

Tadqiqotchilar talabalar ishtirokida yettita tajriba o‘tkazdi. Birinchi tajribada 33 nafar ishtirokchi smartfonda 44 ta san’at asarini ko‘rdi. Bir qismi skrinshot oldi, boshqalari esa tasvirlarni shunchaki tomosha qildi. Keyingi testda skrinshot olganlar rasmlarni ancha yomonroq tanidi.

Ikkinchi tajribada 69 nafar talaba qatnashdi. Skrinshot olingan tasvirlar bo‘yicha to‘g‘ri javoblar 53,5%, shunchaki ko‘rilgan tasvirlarda esa 71,3% bo‘ldi. Umumiy tanib olish ko‘rsatkichi ham 78% dan 69,5% gacha pasaydi. Ishtirokchilar ba’zan hatto skrinshot olganining o‘zini ham unutgan.

Uchinchi tajribada 129 nafar talaba san’at asarlarini ko‘rish yoki skrinshot olishdan so‘ng murakkab matematika masalalarini yechdi. Ikki guruh o‘rtasida bu vazifa bo‘yicha farq aniqlanmadi, ammo keyingi testda skrinshot olganlarning xotirasi yana yomonroq ekani kuzatildi.

Yana ikki tajriba skrinshot olish natijasida bo‘shagan xotira yangi ma’lumotlarni o‘zlashtirishga yordam beradimi-yo‘qmi, aniqlashga qaratildi. To‘rtinchi tajribada 126 kishi ishtirok etdi, ammo skrinshot olgan guruhda keyingi ma’lumotlarni yaxshiroq eslab qolish kuzatilmadi. Beshinchi tajribada esa kichik ustunlik aniqlangan bo‘lsa-da, xotiraga salbiy ta’sir ancha kuchliroq bo‘ldi.

Oltinchi tajribada 105 nafar ishtirokchi xotira testi bo‘lishidan oldindan ogohlantirildi. Bu ham natijani o‘zgartirmadi: skrinshot olingan tasvirlar yomonroq eslab qolindi. Yettinchi tajribada esa testning qachon bo‘lishi — mashg‘ulot oxiridami yoki bir oydan keyinmi — guruhlar natijasiga ta’sir ko‘rsatmadi.

Tadqiqotchilar xotiraning susayishini “keyin ko‘raman” degan ongli strategiyadan ko‘ra, skrinshot olish paytida e’tiborning avtomatik pasayishi bilan bog‘lashmoqda. Skrinshot olish ma’lumotni xotiraga to‘liq joylashtirish jarayonini buzib, insonning tasvir va uning kontekstiga e’tiborini kamaytirishi mumkin.

Biroq olimlar natijalarni barcha holatlarga tatbiq etishda ehtiyot bo‘lish kerakligini aytmoqda. Tajribalar asosan yosh talabalar bilan laboratoriya sharoitida o‘tkazilgan va ularga keyinchalik skrinshotlarni ko‘rishga ruxsat berilmagan.

Shu sababli skrinshotlar retsept, xarita yoki muhim ko‘rsatmalarni keyinchalik ko‘rish uchun foydali bo‘lishi mumkin. Ammo ma’lumotni o‘z xotirasida saqlab qolish maqsad qilingan bo‘lsa, tadqiqotchilar telefonni chetga qo‘yishni tavsiya qilmoqda.


Avvalroq Spot telefondagi eslatmalar xotirani zaiflashtirishi mumkinligi haqidagi tadqiqot natijalarini yozgandi.

Ulardan ortiqcha foydalanish ayrim hollarda insonning mustaqil eslab qolish qobiliyatining susayishi ehtimolini oshiradi.