O‘tkazilgan yangi tadqiqotga ko‘ra, eslatmalarga haddan tashqari tayanish xotirani zaiflashtirishi mumkin. Bu haqda PsyPost xabar berdi.

Smartfon eslatmalari va kalendar ilovalari kundalik hayotni ancha yengillashtiradi. Biroq yangi tadqiqot ularning ortiqcha qo‘llanilishi ayrim hollarda insonning mustaqil eslab qolish qobiliyatini susaytirishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Tadqiqot mualliflari bu holatni “kognitiv yukni tashqi vositalarga topshirish” (cognitive offloading) deb ataydi.

Ya’ni inson ma’lumotni o‘zi eslab qolish o‘rniga telefon, eslatma yoki boshqa qurilmalarga ishonadi. Natijada miya ma’lumotni chuqurroq kodlash uchun kamroq kuch sarflaydi.

Tajribalarda ishtirokchilarning bir guruhiga vazifalarni bajarishda eslatmalardan foydalanish imkoniyati berilgan.

Keyinchalik esa ayrim vazifalarda bu eslatmalar olib tashlangan. Ma’lum bo‘lishicha, eslatmalarga oldindan tayangan ishtirokchilar ularsiz qolganida vazifalarni eslab bajarishda sezilarli qiyinchilikka duch kelgan. Buning sababi ular ma’lumotni boshidanoq kamroq e’tibor bilan yodlaganida ekan.

Olimlarning ta’kidlashicha, muammo eslatmalarning o‘zida emas, balki ularga doimiy va to‘liq qaram bo‘lib qolishda.

Eslatmalar muhim uchrashuvlar, dori qabul qilish yoki boshqa muhim vazifalarni unutmaslik uchun juda foydali vosita bo‘lib qolaveradi. Ammo xotirani muntazam mashq qildirmaslik vaqt o‘tishi bilan uni kamroq faol ishlatishga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislar xotirani faol saqlash uchun ba’zi oddiy ma’lumotlar — telefon raqamlari, xarid ro‘yxati yoki kunlik rejalarni imkon qadar avval o‘zi eslab qolishga harakat qilishni tavsiya etadi.

Zarur hollarda esa eslatmalardan yordamchi vosita sifatida foydalanish eng maqbul yondashuv hisoblanadi.


Avvalroq Spot qisqa videolar miyadagi diqqatni boshqaruvchi tarmoqlarni vaqtincha sustlashtirishi haqida yozgandi.

Tadqiqot natijalarga ko‘ra, muntazam qisqa videolar tomosha qilish diqqat, o‘zini nazorat qilish va qaror qabul qilishga mas’ul miya qismlari faolligini pasaytiradi.