Qisqa videolarni tomosha qilish miyadagi diqqatni boshqarish va o‘zini nazorat qilish uchun mas’ul bo‘lgan tarmoqlar faoliyatini vaqtincha susaytirishi mumkin, deya xabar berdi PsyPost nashri.
Bu xulosa Xitoyning Chjetszyan universiteti olimlari o‘tkazgan va NeuroImage jurnalida chop etilgan yangi tadqiqotda keltirilgan.
Tadqiqotda 56 nafar yosh ko‘ngilli ishtirok etdi. Olimlar magnit-rezonans tomografiyasi (fMRI) hamda miya kimyoviy moddalarini o‘lchovchi usullar yordamida ishtirokchilarning qisqa videolarni tomosha qilish paytidagi miya faoliyatini kuzatdi.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ishtirokchilar o‘zlariga yoqqan qisqa videolarni oxirigacha tomosha qilganida miyaning kognitiv nazorat uchun javob beradigan ikki muhim hududi — dorsal oldingi singulat po‘stlog‘i (dACC) va dorsolateral prefrontal po‘stloq (dlPFC) faolligi pasaygan.
Aynan shu hududlar diqqatni jamlash, impulslarni boshqarish, qaror qabul qilish va murakkab vazifalarni bajarishda muhim rol o‘ynaydi.
Shuningdek, tadqiqot miya kimyosidagi farqlar ham muhim ekanini ko‘rsatdi. dACC hududida glutamat moddasi ko‘proq bo‘lgan ishtirokchilarda ushbu nazorat tarmoqlarining susayishi kamroq kuzatilgan.
Bu ayrim odamlar qisqa videolarning ta’siriga boshqalarga qaraganda chidamliroq bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Tadqiqotchilar ushbu o‘zgarishlar vaqtinchalik ekanini alohida ta’kidlamoqda. Tadqiqot qisqa videolar miyaga doimiy zarar yetkazishini isbotlamaydi, biroq ular tomosha qilinayotgan paytda miya diqqat va o‘zini nazorat qilishdan ko‘ra zavqlanish hamda tezkor mukofot olishga ko‘proq yo‘nalishini ko‘rsatadi.
Mualliflarning fikricha, bu natijalar ayrim odamlar nima sababdan TikTok, Instagram Reels va YouTube Shorts kabi platformalarda rejalashtirgandan ancha uzoq vaqt qolib ketishini tushuntirishga yordam beradi.
Shuningdek, u qisqa videolarga haddan tashqari berilib ketishning neyrobiologik mexanizmlarini yaxshiroq anglash uchun muhim ilmiy asos yaratadi.
Avvalroq Spot Reelslar odam miyasini “chiritishi” haqidagi tadqiqot natijalari haqida yozgandi.