Hukumat qarori bilan issiqxona xo‘jaliklari va meva-sabzavotlarni eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Hujjat bilan, issiqxonalarni 2023−2024-yillar kuz-qish mavsumida gaz bilan ta’minlash shartlari keltirilgan. Xususan, tabiiy gaz nazorati va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga (GNHOAT) ulangan hamda tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha ma’lumotlarni onlayn uzatishni tashkil etish belgilangan.

Bir oy muddatda issiqxona xo‘jaliklarining GNHOATga ulanganligi monitoring qilinib, ulanmagan issiqxonalar “Insofsiz iste’molchilar ro‘yxati"ga kiritiladi. Ularga gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalari bekor qilinadi.

Issiqxona xo‘jaligi gazdan yuzaga kelgan debitor qarzdorligini so‘ndirishi hamda tabiiy gaz uchun belgilangan to‘lovni oldindan to‘lashi kerak. Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlarda muqobil yoqilg‘ining yetarli zaxirasiga ega bo‘lish zarur.

Joriy mavsumdan boshlab issiqxonalar “Hududgazta'minot” filiallari va viloyatlar hokimliklari bilan uch tomonlama shartnomalar tuzishi kerak. Ularga yoqilg‘i mahsulotlarini (ko‘mir yoki tabiiy gaz) uzluksiz yetkazib berish kafolati beriladi.

O‘z navbatida, issiqxonalar rahbariyati yetkazib berilgan yoqilg‘i uchun to‘lovlarni to‘liq to‘lashi va yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga sotish majburiyatini oladi. Shuningdek, yangi issiqxonalarni gaz quvurlari va issiqlik tarmoqlariga ulanish hamda texnik shartlar berish ham taqiqlanadi.

1-noyabrdan issiqxonalarga ko‘mir qozonlarini xarid qilish xarajatlarining 20%i miqdorida kompensatsiya to‘lanadi. Buning uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 25 mlrd so‘m ajratiladi.

Tijorat banklari tomonidan ko‘mir saqlash omborlarini qurish xarajatlari uchun 3 yil muddatga 1 yillik imtiyozli davr bilan maqsadli kreditlar ajratiladi. Shuningdek, issiqxonalarga yoqilg‘i sotib olishga aylanma mablag‘lar uchun 1 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan kredit beriladi.

2022-yilning kuzida issiqxona egalari gaz ta’minotining uzilishidan ommaviy ravishda shikoyat qilishdi. Energetika vazirligi “muqobil yoqilg‘i"ga o‘tish majburiy shart sifatida gaz ta’minoti shartnomalarida nazarda tutilganini qayd etdi.

Joriy yilning oktabrida Qishloq xo‘jaligi vazirligi Energetika vazirligi tomonidan kuz-qish mavsumida aholi gaz tarmoqlariga ulanmagan issiqxonalarga gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzish ishlari yakunlanayotganini ma’lum qilgandi.