Qishloq xo‘jaligi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan “O‘zbekistondagi issiqxonalar falokat yoqasida” nomli xabarlarga munosabat bildirdi.

Mamlakatda issiqxonalar maydoni so‘ngi 5 yilda 3 barobarga ko‘payib, 5,2 ming gektarga yetdi. Ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga ko‘pagan.

Energetika vazirligi tomonidan kuz-qish mavsumida aholi gaz tarmoqlariga ulanmagan issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzish ishlari yakunlanmoqda.

Bunda, issiqxona xo‘jaliklari ehtiyoji uchun 2023−2024-yil kuz-qish mavsumida tabiiy gazni quyidagi talablarga qat’iy rioya etgan holda yetkazib berish belgilangan:

  • issiqxona xo‘jaliklarining tabiiy gazdan debitor qarzdorligini so‘ndirish hamda tabiiy gaz uchun belgilangan to‘lovni oldindan amalga oshirish;
  • issiqxonalarni tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi sertifikatsiyasidan o‘tgan elektron hisbolagichlar orqali ulangan bo‘lishi;
  • aholini gaz ta’minoti tizimida favqulodda holatlar yuzaga kelganda issiqxona xo‘jaligida yetarli miqdorda muqobil yoqilg‘i zaxirasining mavjudligi.

Tabiiy gazda ishlaydigan issiqxonalar aylanma mablag‘larini to‘ldirishga kredit resurslari yo‘naltirilishi hamda ixtiyoriy ravishda ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan issiqxonalarga davlat tomonidan rag‘batlantirish paketi joriy qilinishi ustida ish olib borilmoqda.

Hukumat komissiyasining qarorlariga asosan issiqxona xo‘jaliklarining moliyaviy ahvolini yaxshilash bo‘yicha ajratilgan kreditlarning muddati uzaytirilmoqda.

Xususan, issiqxona xo‘jaliklari moliyaviy ahvolini yaxshilash va rivojlantirish bo‘yicha respublika ishchi guruhining 3ta yig‘ilish bayonlari qabul qilinib, issiqxona xo‘jaliklari tomonidan olingan 87% kredit mablag‘larining muddati 14 yilgacha uzaytirildi.

Issiqxonalarni resurs tejamkor enegriyalar, quyosh panellari yordamida isitish bugun, kamxarajatliligi bilan bir qatorda, issiqlikni minimal holatda ushlab turish imkoniyatini yaratmoqda.

Taklif qilinayotgan muqobil energiya manbalaridan foydalanishni issiqxona xo‘jaliklarini uzluksiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora sifatida qabul qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi, deyiladi xabarda.

Avvalroq Jahon bankining O‘zbekistonda sanoat chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan loyihasini amalga oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.

Uning doirasida “Yashil iqtisodiyot” onlayn platformasi doirasida issiqxona gazlarini ro‘yxatga olish, monitoring qilish, hisobot berish va tekshirish tizimi bo‘yicha ma’lumotlar bazasi ishlab chiqiladi.