Prezidentning “Oʻzbekistonda toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni ragʻbatlantirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Quyidagilar Oʻzbekistonda toʻsiqsiz turizmni rivojlantirish va qulay shart-sharoitlar yaratishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilanadi:

  • turizm namoyishi obyektlari infratuzilmasi, birinchi navbatda madaniy meros obyektlari, ziyorat obyektlari, muzeylar, teatrlar va joylashtirish vositalarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratish;
  • turizm sohasi subyektlari, shu jumladan, turoperator va turagentlar, joylashtirish vositalari hamda transport xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarga sayohat davomida hamrohlik qiluvchi fuqarolarni ragʻbatlantirish;
  • nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻsiqsiz turizmni amalga oshirishlari uchun yaratilgan imkoniyatlarni tizimli hamda faol targʻibot kampaniyalarini tashkil etish orqali ular xabardorligini oshirish;
  • zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda turizm namoyishi obyektlarida koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish;
  • nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash, jumladan, fuqarolar va homiylar xayriyalari hamda xorijiy tashkilotlar grant mablagʻlarini jalb qilish tizimini takomillashtirish orqali toʻsiqsiz turizmni amalga oshirish.

Shunday tartib oʻrnatiladiki, unga muvofiq:

a) 2023-yildan boshlab respublika hududlarida quyidagi bosqichlarda “Toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish dasturi” amalga oshiriladi:

  • 2023-yilda Samarqand, Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari;
  • 2024-yilda Fargʻona, Namangan, Andijon va Jizzax viloyatlari;
  • 2025-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari;
  • 2026-yilda Toshkent shahar va Toshkent viloyatlari;
  • Oʻzbekiston davlat byudjeti, homiylik mablagʻlari va grantlar “Toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish dasturi"ni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;
  • 2022−2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi va uni amalga oshirishga oid davlat dasturida respublika hududlarida Toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish dasturini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanadi;

b) 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

  • madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash uchun Oʻzbekiston davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar 2 foizi nogironligi boʻlgan shaxslar toʻsiqsiz harakatlanishi uchun madaniy meros obyektlariga har qanday shikast yetkazish oldini olgan holda pandus, plintus va liftlar oʻrnatishga yoʻnaltiriladi;
  • davlat byudjetidan Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar 5 foizi:
  • respublika toʻsiqsiz turizm salohiyatini (video, foto va tarqatma materiallar tayyorlash) OAV, ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar uchun infoturlar tashkil qilish;
  • xalqaro va xorijiy turizm koʻrgazma, yarmarkalarda respublikada toʻsiqsiz turizm yoʻnalishida mamlakat salohiyatini namoyish qiluvchi targʻibot va tarqatma materiallar tayyorlash;
  • “Ipak yoʻlida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida “Oʻzbekistonda toʻsiqsiz turizm” ekspozitsiyasini tashkil etish va oʻtkazish uchun yoʻnaltiriladi;

v) 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab davlat va davlat ulushi mavjud boʻlgan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish davlat buyurtmasi parametrlarida “Turizm”, “Gid hamrohligi” hamda “Mehmonxona xoʻjaligini tashkil etish va boshqarish” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat buyurtmasi parametrlari 1 foizi miqdorida davlat grantlariga kvotalar ajratish tizimi joriy qilinadi.