Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Qoʻmita aʼzolari “Fuqarolar davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida"gi qonunga oʻzgartishlar kiritish haqida"gi qonun loyihasini dastlabki tarzda muhokama qildi.
Qonun loyihasi “2022−2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi” 223-bandiga asosan ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasi bilan pensiyani hisob-kitob qilish uchun oʻrtacha ish haqi maksimal miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdori 10 barobaridan 12 barobarigacha oshirish nazarda tutilmoqda.
Taklif etilayotgan ushbu tartib pensionerlar daromadi va farovonligini oshirish, pensiyalar miqdori bilan ish haqi oʻrtasidagi tafovutni kamaytirish, pensiya oluvchi fuqarolar moddiy farovonligini yanada oshirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilishi bildirilgan.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan qonun loyihasi dastlabki tarzda maʼqullanib, Qonunchilik palatasi kengashi navbatdagi majlisi muhokamasiga kiritishga kelishildi.