PMTI ekspertlari tomonidan naqd pulga talab oshishiga sabab bo‘layotgan omillar tahlil qilindi.


Naqd pulga talabning oshishiga:

  • uzoq muddatli omillar (iqtisodiy o‘sish, demografik o‘zgarishlar va moliya sektorining rivojlanishi);
  • mavsumiy iqtisodiy faollikning oshishi;
  • chet eldan pul o‘tkazmalari ko‘payishi;
  • valyuta kurslari barqarorligi ta’sir ko‘rsatmoqda.

Aprel-may oylaridan boshlab iqtisodiy faollikning jadallashuvi, masalan, to‘y va shunga o‘xshash marosimlar sonining ko‘payishi, qurilish ishlarining tezlashishi kabilar naqd pulga bo‘lgan talabni oshiradi.

Noyabrdan mart oyigacha bo‘lgan davrda muomaladagi naqd pul hajmi sezilarli darajada kamayadi. Aprel-noyabr oylarida esa chet eldan pul o‘tkazmalarining ko‘payishi bilan aholi tomonidan valyuta sotuvi hajmi ham oshib boradi.

Dollarga talabning ortishi

Joriy yilning 5 oyida pul o‘tkazmalari hajmi $4,19 mlrd.ni tashkil etib, 2021-yilning mos davriga $1,58 mlrd.ga ko‘paydi.

Banklar tomonidan sotib olingan valyuta hajmi esa o‘tgan yilga nisbatan $2,72 mlrd.ga o‘sib, $4,32 mlrd.ga yetdi.

Katta hajmdagi oldi-sotdi operatsiyalarini xorijiy valyutada amalga oshirilganda, o‘z-o‘zidan milliy valyutaga talab kamayadi.

Ichki valyuta bozorida so‘mning AQSh dollariga nisbatan qadrining oshishi ortidan aholining ko‘pchiligi valyutadagi jamg‘armalarini milliy valyutaga o‘tkazishni afzal ko‘ra boshlashdi.

Valyuta kursi barqarorligi saqlanib turgan sharoitda 200 000 so‘mlik banknotalarning muomalaga chiqarilishi katta hajmdagi naqd hisob-kitoblarni osonlashtirib, dollarlashuv darajasini yanada kamayishiga xizmat qilishi mumkin.

Naqd pulsiz hisob-kitoblar

So‘nggi 4 yilda to‘lov tizimining rivojlantirilishi natijasida naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmi sezilarli darajada oshdi.

Muomaladagi bank kartalari soni 1,7 barobarga, o‘rnatilgan to‘lov terminallari soni 1,8 barobar (241 mingtadan 433,2 mingtaga), o‘rnatilgan bankomat va infokioskalar soni 2,7 barobar (6,1 mingdan 16,7 mingga) ko‘paydi.

Yanvar-may oylarida to‘lov terminallari orqali tushgan tushumlar hajmi 58,2 trln so‘mga yetdi va o‘tgan yilning mos davriga (39,9 trln so‘m) nisbatan 1,5 barobar oshdi.

Ilgari “Spot” raqamli soʻm, uning qanday valyuta ekanligi, kriptovalyuta va naqd boʻlmagan mablagʻlardan nimasi bilan farq qilishi haqida ma’lumot bergandi.