Prezident “Tadbirkorlik subyektlari bilan samarali muloqot tizimini joriy etish va ularning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi.

Adliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan birgalikda 2022-yil 1-sentyabrga qadar umumiy ovqatlanish va chakana savdo sohalaridagi faoliyatni tartibga soluvchi talablarni soddalashtirish hamda ushbu sohalardagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash choralarini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda ruxsatnomaga ega yer qaʼridan foydalanuvchilarning hamda yer qaʼri davlat fondi kadastriga kiritilgan yer uchastkalarining roʻyxatlarini shakllantiradi.

Bunda, shakllantirilgan roʻyxatlarga asosan:

  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda tegishli yer uchastkalarini Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratadi;
  • Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tegishli yer uchastkalari ajratilgandan soʻng bir oy muddatda tadbirkorlik subyektlariga yer qaʼridan foydalanish maqsadlari uchun zarur boʻlgan yer uchastkalarini ijara huquqi asosida taqdim etadi.

Avvalroq Spot yangilangan Soliq kodeksida tadbirkorlar uchun qanday oʻzgarishlar borligi haqida yozgan edi.