“Spot” avval xabar berganidek, Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Unda tadbirkorlarga oid quyidagi bandlar joy oldi.

Xususan, chakana savdo, umumiy ovqatlanish, mehmonxona, yoʻlovchi va yuk tashish, avtotransportlarni taʼmirlash, ularga texnik xizmat koʻrsatish, kompyuter xizmatlarini, maishiy texnikani taʼmirlash, agro va veterinariya xizmatlari koʻrsatuvchi, koʻngilochar joylarda xizmat koʻrsatuvchi tadbirkorlar — 2022-yil 1-apreldan 2025-yildan 1-yanvargacha ijtimoiy soliqni 1% toʻlaydi.

Tadbirkorlar 2022-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvargacha maydoni 5 ming kv/m dan koʻp savdo komplekslari va mehmonxonalar, ular egallagan yerlar boʻyicha quyidagilarga haqli:

  • mol-mulk va yer soligʻi boʻyicha stavkalarga nisbatan 0,1 koeffitsiyentni qoʻllashga;
  • foyda soligʻini hisoblashda 2 yillik mazkur binolarning qiymatini amortizatsiya tarzida chegirib tashlanadigan xarajatlarga kiritishga.

Xoʻjaliklarda baliq yetishtirishni kooperatsiya asosida yoʻlga qoʻygan soliq toʻlovchilar 2025-yil 1-yanvargacha barcha soliqlardan (QQS va ijtimoiy soliq mustasno) ozod qilinadi.

Charm, moʻyna xom ashyosi va junni qayta tayyorlash, qoramolni avtomatlashtirilgan tarzda soʻyish, jun, qorakoʻl va sunʼiy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi soliq toʻlovchilar 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha foyda, aylanmadan olinadigan va mol-mulk soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi.