Xorijda tahsil olgan o‘zbekistonliklarning diplomlari asosan sinovlarsiz nostrifikatsiya qilinadi. Biroq ayrim hollarda buning uchun talabgor test sinovini ham topshirishi kerak.

“Spot” O‘zbekistonda tan olinadigan hamda qabul qilinmaydigan xorij diplomlari, nostrifikatsiyani amalga oshirish tartibi va bunda kerak bo‘ladigan hujjatlar haqidagi ma’lumotlarni bir joyga jamladi.

Unga ko‘ra, quyidagi hujjatlar sinovlarsiz tan olinishi mumkin:

  • xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va malaka oshirish ta’limi olgan talabgorlarning xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi;
  • O‘zbekistonda alohida bo‘linmalari (filiallari) va qo‘shma ta’lim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
  • Top-1000 ga kirgan xorijiy OTMda ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
  • mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
  • 1992-yil 1-yanvargacha xorijiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan talabgorlarning hujjatlari;
  • xorijiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun ajratilgan mablag‘lar hisobiga ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
  • hukumat qarorlarida nazarda tutilgan hollarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar.

Qanday diplomlar tan olinmaydi

Bunga oliy ta’limda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining to‘laqonli a’zolari — vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari kiradi.

Shu bilan birga, AQSH, Avstraliya, Isroil, Kanada, Singapur, Koreya hamda Yaponiyaning vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari sinovlarsiz tan olinmaydi.

Nostrifikatsiya qanday amalga oshiriladi

Xorijiy davlatda umumiy o‘rta va o‘rta ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

Yagona portal orqali ariza jo‘natish bepul bo‘lib, buning uchun ro‘yxatdan o‘tish va so‘rov yuborish kerak.

Vakolatli organ yo‘llanma va xabarnoma rasmiylashtirilgan kuni uni ERI bilan tasdiqlaydi va muassasaga, shuningdek, arizachiga portal orqali elektron tarzda yuboradi.

Arizalar havola orqali yuboriladi hamda 6 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun quyidagi miqdorda yig‘im undiriladi:

  • o‘rta maxsus va kasb-hunar (professional) ta’limi bo‘yicha — BHMning ikki baravari;
  • oliy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi bo‘yicha — BHMning uch baravari;
  • Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga yig‘imning 50% miqdorida chegirma qo‘llaniladi;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilinganda yig‘im davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun belgilangan yig‘imning 90%i miqdorida undiriladi.

Qanday hujjatlar kerak

Yagona portal orqali xizmatdan foydalanish uchun quyidagi hujjatlar kerak bo‘ladi:

  • Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning nusxasi;
  • Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning o‘zvek tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasi.

Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilinganda esa yuqoridagi hujjatlar bilan birga shaxsini tasdiqlovchi hujjat talab etiladi.

Nimalarga e’tibor beriladi

Nostrifikatsiyani amalga oshirishda quyidagilarga e’tibor beriladi:

  • o‘qitilgan ta’lim dasturlari yoki o‘quv rejalari hajmi va mazmuni;
  • o‘zlashtirilgan mutaxassislik (ixtisoslik) fanlari hajmi (fanlarning nomi va soatlar miqdori);
  • amaliyotning mavjudligi va uning davomiyligi.

Shuningdek, olingan bilimlar va malaka yakuniy tayyorgarlik nuqtai nazaridan ta’lim dasturlari, o‘quv rejalari va o‘zlashtirilgan bilimlar majmuidagi farqlarni hisobga olgan holda baholanadi.

Test sinovi asosida tan olish

Yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlardan tashqari sinov asosida tan olinadigan hujjatlar imtihon topshirishi belgilangan.

Unga ko‘ra, arizalar topshirilgach sinovlar boshlanishidan kamida o‘n kun oldin Davlat inspeksiyasi tomonidan arizachiga sinov muddati ma’lum qilinadi.

Test sinovlari talabgorlarning ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha mutaxassislik fanlaridan o‘tkaziladi. U 50 ta savoldan iborat bo‘lib, har bir test savoli uchun 2 daqiqadan, jami 100 daqiqa vaqt beriladi. Har bir to‘g‘ri bajarilgan test savoli 2 ball bilan baholanadi.

Natijalarga ko‘ra 54 va undan kam ball to‘plagan talabgorlarning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari tan olinmaydi.

Test sinovlari natijalariga ko‘ra ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari tan olinmagan talabgorlar davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali qaytadan murojaat qilishlari mumkin.

Qaytadan imtihon topshirish uchun talabgorlardan eng kam oylik ish haqining ikki baravari (2019-yil 1-sentabrdan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari) miqdorida yig‘im undiriladi.

Apellyatsiya. Natijalar e’lon qilingandan so‘ng bu bo‘yicha shu vaqtdan boshlab o‘n ish kuni ichida Davlat inspeksiyasiga shikoyat qilishlari mumkin.

Talabgorlardan tushgan shikoyatlar Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan tashkil etiladigan apellyatsiya komissiyasi tomonidan ikki hafta ichida ko‘rib chiqiladi va talabgorlarga yozma ravishda javob yuboriladi.

Shikoyatni apellyatsiya komissiyalari tomonidan ko‘rib chiqish jarayonida talabgor ham bevosita ishtirok etishga haqli.