Samarqandda o‘tkazilayotgan iqtisodiy forum doirasida Iqlim o‘zgarishida yashil iqtisodiyotga o‘tish zarurati bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston energetika sektori chiqindilarning 89%ini, qishloq xo‘jaligi esa chiqindilarning 13%ini tashkil qilmoqda.

Xususan, YaIM birligiga energiya sarfi dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston 2030-yilga kelib issiqxona gazlari chiqindilarini YaIMga nisbatan 35%ga kamaytirish bo‘yicha Parij kelishuvining NDC doirasida majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi.

Shuningdek, energetika, suv ta’minoti va qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda barqaror yondashuvlar va tabiiy ofatlarga chidamliligini oshirish mavzusi muhokama qilindi.

O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi xavfi yuqori davlatlardan biri hisoblanadi. Shu sabab, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish Taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

“Yashil” ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradigan xususiy sektor kompaniyalarini “yashil” iqtisodiyotda qo‘llab-quvvatlash va unga o‘tish ehtiyojidan kelib chiqib ishchi kuchini tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

“Spot” forumning birinchi kunida qanday loyihalar imzolangani haqida ma’lumotlarni bir joyga jamlagandi.

Shuningdek, forum doirasida Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi xalqaro banklar bilan 8 ta loyiha bo‘yicha kelishuv amalga oshirishini ma’lumot qilgandi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga murojaatnoma yo‘llab, unda mamlakat iqtisodiyotini 2022−2026 yillarda rivojlantirishga qaratilgan yo‘nalishlarga to‘xtaldi.

Xalqaro moliya korporatsiyasining bosh direktori Mahtar Diop esa O‘zbekistonda inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ekanligini qayd etdi.