BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan Navoiy viloyati Zarafshon shahrida 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi “Project Finance International Awards” tomonidan Markaziy Osiyoda yilning eng yaxshi bitimi deb topildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

PFI mukofotlari loyihalarni moliyalashtirish sohasi bo‘yicha har yili Yevropa, AQSH, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikadagi loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha eng yaxshi operatsiyalar uchun beriladi.

“Masdar” kompaniyasi 2020-yil oktabr oyida Zarafshondagi elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgandi. 2022-yilga kelib stansiyani qurish bo‘yicha loyihani moliyalashtirish bitimlari imzolandi.

Loyihaga $600 mln.dan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, 2024-yilda yakunlanishi hamda ishlab chiqarish hajmi har yili 1,9 GVt/soatga oshishi belgilangan.

Bu esa 500 mingdan ortiq xonadonning ehtiyojlarini qoplaydi. Shu bilan birga, gaz iste’moli yiliga 175 mln kub metrga, atmosfera chiqindilari esa 1,1 mln tonnaga kamayadi.

“Ushbu loyiha O‘zbekistonning energiya xavfsizligi va diversifikatsiya strategiyasiga ijobiy hissa qo‘shish bilan birga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi”, — degandi BAA Sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri, “Masdar” kompaniyasi raisi Sulton Ahmad Al-Jaber.

Shuningdek, kompaniya Xitoyning “Goldwind” ishlab chiqaruvchisi bilan shamol elektr stansiyasi uchun turbinalar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Kelishuvga asosan O‘zbekistonga har biri 4,5 MVt quvvatga ega 111 dona GW155 shamol turbinalarini yetkazib berish rejalashtirilgan.

Zarafshon shamol elektr stansiyasi “Masdar"ning O‘zbekistondagi ikkinchi loyihasi bo‘lib, birinchisi Navoiy viloyatining Karmana tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi loyihasi hisoblanadi, u 2021-yilda ishga tushirilgan.

Kompaniya haqida

Masdar” qayta tiklanuvchi energiya kompaniyasi hisoblanadi.

Global barqarorlik muammolarini hal qilish uchun qayta tiklanuvchi energiya, barqaror shahar rivojlanishi va toza texnologiyalarni tijoratlashtirishni ilgari suradi.

Kompaniya 40 ga yaqin mamlakatlarda, jumladan Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Mavritaniya, Misr, Marokash, Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya, Serbiya, Hindiston, Indoneziya, O‘zbekiston va boshqa ko‘plab mamlakatlarda faoliyat yuritadi.

Uning quvvati 2030-yilga borib 50 GVt, keyingi yillarda esa 100 GVtdan oshishi kutilmoqda.