Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi chog’ida bir qancha sanoat va investitsiya obyektlari faoliyati bilan tanishdi.

Karmana tumanidan boshlangan safarda davlatimiz rahbari bu yerda barpo etilgan yangi quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish marosimida nutq soʻzladi.

“Bugun Karmana tumanida “yashil energetika"ga oʻtish yoʻlidagi birinchi qadam boʻlmish quvvati 100 megaVatt boʻlgan zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilmoqda. Avvalo, ushbu loyiha doirasida qisqa muddatda — bir yarim yil ichida katta hajmdagi ishlar bajarilganini ta’kidlash lozim. Xususan, $110 mln investitsiyalar oʻzlashtirilib, 300 mingta quyosh panellari oʻrnatilgani chindan ham sanoatimiz tarixida juda katta voqeadir”, dedi Prezident.

Bu yerda yiliga 252 million kiloVatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning hisobidan 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna bugʻlanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi.