Avvalroq BAAning “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyati Zarafshon shahrida 500 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha bitim imzolagandi.

Kompaniya Xitoyning “Goldwind” ishlab chiqaruvchisi bilan shamol elektr stansiyasi uchun turbinalar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi, deya xabar berdi “The Korea Herald” nashri.

Kelishuvga asosan O‘zbekistonga har biri 4,5 MVt quvvatga ega 111 dona GW155 shamol turbinalarini yetkazib berish rejalashtirilgan.

“Masdar” kompaniyasi 2020-yil oktabr oyida Zarafshondagi elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgandi.

Loyiha 2024-yilda yakunlanib, natijada ishlab chiqarish hajmi har yili 1,9 GVt/soatga oshishi belgilangan. Bu esa 500 mingdan ortiq xonadonning ehtiyojlarini qoplaydi.

Shu bilan birga, gaz iste’moli yiliga 175 mln kub metrga, atmosfera chiqindilari esa 1,1 mln tonnaga kamayadi.

Kelajakda mazkur elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarishga o‘tishning muhim tarkibiy qismlaridan biriga aylanishi ta’kidlangan.

Shuningdek, Zarafshon shamol elektr stansiyasini qurish uchun $600 mln.dan ortiq xorijiy investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan.

Sentabr oyi boshida “Masdar” kompaniyasi “IFC”, “YeTTB”, “OTB” va boshqa kreditorlar bilan kredit shartnomalarini imzoladi.


Avvalroq “Spot” YeTTB O‘zbekiston energetika tizimini mustahkamlashga $47 mlndan ortiq kredit ajratishi haqida yozgandi.

Ajratilgan kredit evaziga Xorazmning Sarimay hamda Buxoro viloyatining Jankeldi qishloqlari o‘rtasida elektr uzatish liniyasi quriladi.