Shavkat Mirziyoyev energiya ta’minoti sohasida nazorat tizimini tartibga solish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda energiya yetkazib berish va hisob-kitob tizimidagi muammolar tanqidiy tahlil qilinib, yanvar oyidagi sovuq bu borada boshqaruv va nazorat susayib ketganini ko‘rsatdi.

Mutasaddi tashkilotlar avtomatik hisoblash tizimi elektr energiyasida 92%, tabiiy gaz bo‘yicha 98% o‘rnatilgan, deb hisobot bergan. Lekin haligacha debitor qarzdorlik yuqoriligicha qolmoqda.

Tumanlardagi tarmoq idoralari elektr va gazga ulanishga hisob-kitob va tahlillarsiz ruxsat berilmoqda. Xususan, Toshkentning 120 ta mahallasida transformatorlar yuklamani ko‘tarmagani uchun bir oyning o‘zida 5−6 marta ta’mirlangan.

Dekabr oyida elektr va gazdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 12 mingdan ziyod holatda 600 mlrd so‘mlik zarar aniqlangan.

Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari ustidan nazorat butunlay izdan chiqqan.

Shulardan kelib chiqib, energetika sohasida nazoratni kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim belgilandi. Bu tizimga energetika nazorati bo‘yicha ikki yil “favqulodda tartibda” ishlash vazifasi qo‘yildi.

Energoinspeksiya va Majburiy ijro byurosining ishini takomillashtirish, elektr va tabiiy gazga ulanishda yangicha yondashuvlarni joriy qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda energetika infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Xususan, Toshkentning raqamli xaritasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Unda auksionga chiqarilayotgan yerlarning joylashuvi, energetika, kommunal va ijtimoiy infratuzilma quvvati aniq ko‘rinib turadi.

Avvalroq, davlat rahbari energiya resurslari ta’minoti bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgandi. Unda “gaz zapravkalari"dagi o‘g‘irliklar bo‘yicha tartib o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda gidroenergetika inshootlari atrofidagi bo‘sh maydonlarda shamol va quyoshga moslashgan gibrid stansiyalar qurilishi ma’lum qilindi. Bino va inshootlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi.


Avvalroq, anomal sovuq davrida yuzaga kelgan vaziyat sabab sohalar hamda hudud rahbarlarining ayrimlari lavozimidan ozod etilib, ayrimlariga “hayfsan” berilgandi.