O‘zbekistonda gidroenergetika inshootlari atrofidagi bo‘sh maydonlarda shamol va quyoshga moslashgan gibrid stansiyalar quriladi. Bu bo‘yicha Shavkat Mirziyoyev energiya ta’minotini yaxshilash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda topshiriq berdi.

Ta’qidlanishichia, bu yerlarda tayyor infratuzilma borligi hisobiga xarajatlar kam bo‘ladi.

Sohada mahalliylashtirish masalasiga ham to‘xtalib, “Suvsanoatmash” kompaniyasida mikro GES uskunalari, Toshkent viloyatida gidroagregatlar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi.

Suv omborlarini boshqarishni raqamlashtirish, kadrlar malakasini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Shuningdek, aholini energiya bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Prezident mavjud barcha zaxiralarni ishga solish, yangi va istiqboldagi loyihalarni muddatidan kechiktirmagan holda amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Gidroenergetika yo‘nalishida $500 mln.lik 27 ta loyiha amalga oshirilib, qo‘shimcha 260 megavattli quvvatlar yaratildi.

“O‘zbekgidroenergo” tizimidagi stansiyalarning umumiy quvvati 2 ming megavattdan oshdi hamda yiliga 2 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalmoqda.

Joriy yilda 197 megavattli 7 ta loyiha va 10 ta mikro gidroelektr stansiya ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Yana 438 megavattli 8 ta istiqbolli loyiha va 50 ta mikro GES qurish bo‘yicha ishlar boshlanadi.

Bu borada mikro gidroelektr stansiyalar qurish mumkin bo‘lgan 250 ta maydon aniqlangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu inshootlarda yiliga 675 mln kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqarib, 200 mln kub metr gazni tejash mumkin.

Mikro GESlardan elektr energiyasini yuqori narxlarda sotib olish yo‘lga qo‘yilgach, sohaga tadbirkorlar qiziqishi ortdi.

Energiya tanqisligi sharoitida kunlik ishlab chiqarishni ko‘paytirish, resurslarni adolatli va samarali taqsimlab, joylarga yetkazib berish, uzilishlarni tezkor bartaraf etish vazifalari belgilandi.

Avvalroq, prezident huzurida energiya resurslari ta’minoti yuzasidan yig‘ilish o‘tkazib, Toshkentning barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga umuman tayyor emasligi tanqid qilingandi.