Avvalroq “Spot” Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 1% bandga pasaytirib, yillik 14% darajasida belgilagani haqida xabar bergandi.

Pul-kredit siyosatini yumshatish iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan, deya ta’kidlaydi regulyator.

Markaziy bankni bunday qadam tashlashga qattiq tashqi moliyaviy sharoitlarning O‘zbekiston ichki bozoriga salbiy ta’siri signallari sabab bo‘lgan.

“Asosiy stavkaning 1% bandga pasaytirilishi o‘tgan yil mart oyida xatarlar uchun foiz stavkaning oshirish orqali qo‘yilgan qo‘shimcha yuklamani to‘liq olib tashlash imkonini beradi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Bunda, yillik 14% darajasidagi asosiy stavka inflyatsiya prognozining pasayuvchi dinamikasida (8,5−9,5%) nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlar saqlanib qolinishini ta’minlaydi.

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi 12,2%gacha biroz pasaydi va kelgusi chorakda sezilarli pasayishi bo‘yicha ishonch ortib bormoqda.

Kuzatuvlarga ko‘ra, iste’mol bozorlarida mart oyining dastlabki ikki haftasida asosiy oziq-ovqat narxlari nisbatan muvozanatlashib, yanvar oyidagi o‘sishdan keyin pasayish dinamikaga o‘tganligi kuzatilmoqda.

Mavsumiy va ma’muriy ta’sirga ega bo‘lgan ayrim tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘zgarishini inobatga olmasdan hisoblangan bazaviy inflyatsiya ko‘rsatkichi o‘tgan yilning ikkinchi choragidan boshlangan o‘sib borish trendi joriy yil boshidan pasayish tendensiyasiga o‘zgarib, dekabrdagi 13,8%dan yanvarda 13,3%gacha va fevralda 13,2%gacha sekinlashdi.

Fevraldagi so‘rov natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalarning yanvar natijalariga nisbatan sezilarli darajada pasayganligini kuzatildi, bu esa bazaviy inflyatsiya dinamikasi bilan birgalikda, kelgusi oylarda narxlarning barqarorlashishi uchun sharoitlarni yaratadi.

Yanvar oyida Markaziy bank Boshqaruvi asosiy stavkani yillik 15% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.