Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelayotgan xabarlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining asosiy qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Biroq so‘nggi 7 yilda mamlakatga ketayotgan o‘zbekistonliklar soni 4 barobarga oshgani haqidagi xabarlar asossiz.

Xususan, mehnat migratsiyasi, ayniqsa Rossiyaga ishlash maqsadida boruvchilar oqimi ish mavsumiga ko‘ra tez o‘zgaruvchan hisoblanadi, deyiladi xabarda.

Mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonlik migrantlar soni 2016-yilda taxminan 2 mln.ni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 1,5 mlnga yaqin.

Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish hamda xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni xorij mamlakatlaridagi ishlarga jalb qilish bo‘yicha natijalar qayd etilgan.

Xususan, agentlik bilan 33 ta davlatning 500 ga yaqin ish beruvchi tashkilotlari o‘rtasida kelishuvlar mavjud.

Avvalroq agentlik Rossiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Litva, Bolgariya kabi davlatlarda jami 3 186 nafar aholi ishlarga joylashtirilganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, 423 nafariga qariyb $22 ming miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgan. Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari aralashuvi bilan xorijiy ish beruvchilardan $300 mingdan ortiq ish haqlari undirib berilgan.

Rossiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat organlari migratsiya bo‘yicha hukumatlararo kelishuvlarni tayyorlash ustida ishlamoqda.

Mamlakatda migratsiya sohasida axborotni kuzatish va qayd etishning yagona tizimi ishga tushiriladi. Bu bo‘yicha hukumat joriy yilda eksperiment o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, xorijliklar uchun xizmatlarning asosiy qismini raqamlashtirish va migratsiyadan oldingi markazlarni tashkil etish bo‘yicha shartnomalar imzolash belgilangan.

Unga ko‘ra, markazlar O‘zbekiston, Tojikiston hamda Qirg‘izistonda tashkil etilishi aytilmoqda.