O‘zbekistonliklarni xorijga ishga jalb qilish bo‘yicha Buyuk Britaniya, Bolgariya, Latviya, Polsha, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlardan 33 ta tashkilot bilan hamkorlik kelishuvlari imzolanib, ularda 4,5 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov ma’lum qildi.

Rossiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Litva, Bolgariya kabi davlatlarda jami 3 186 nafar aholi ishlarga joylashtirilgan.

Jami 42 mingdan ortiq fuqaroga xizmatlar ko‘rsatilgan. Shundan, 37 mingdan ortig‘iga maslahat xizmati, 1 900 ga yaqiniga huquqiy, 2 250 ga yaqiniga ijtimoiy, 700 ga yaqiniga moddiy yordam qilingan.

Shuningdek, 423 nafariga qariyb $22 ming miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgan.

28 nafar fuqaro vaqtinchalik xostellarga joylashtirilib, og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan 136 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelingan.

Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari aralashuvi bilan xorijiy ish beruvchilardan $300 mingdan ortiq ish haqlari undirib berilgan.

Bundan tashqari, Germaniya, Isroil, Yaponiya, Rossiya, Latviya, Litva, Bolgariya, Polsha kabi davlatlarda tibbiyot, haydovchilik, qurilish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning turli sohalarida bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmoqda.

Ushbu bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha xorijiy tillarni biladigan va malakaga ega fuqarolar agentlikka murojaat qilishlari mumkinligi ta’kidlangan.

Agentlik xorijda ishlash maqsadida turli vositachi shaxslarga ishonmaslikni, firibgarlik holatlariga duch kelgan taqdirda, zudlik bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga yoki huquq-tartibot organlariga murojaat qilish kerakligini qayd etgan.


Avvalroq o‘zbekistonliklar Belarus kompaniyasiga ishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. Mamlakatning “Bellegprom” konserni tikuvchilik, terini qayta ishlash va yengil sanoat sohalarida ishchi kuchiga talab yuqori ekanligini ta’kidlangan.