Rossiyada migratsiya sohasida axborotni kuzatish va qayd etishning yagona tizimi ishga tushiriladi. Bu haqda Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligiga tayanib “TASS” nashri xabar bermoqda.

Xususan, bu bo‘yicha hukumat joriy yilda eksperiment o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, xorijliklar uchun xizmatlarning asosiy qismini raqamlashtirish va migratsiyadan oldingi markazlarni tashkil etish bo‘yicha shartnomalar imzolash belgilangan.

Unga ko‘ra, markazlar O‘zbekiston, Tojikiston hamda Qirg‘izistonda tashkil etilishi aytilmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilda Rossiya iqtisodiyoti tarmoqlarining chet eldan mehnat resurslariga bo‘lgan ehtiyojlarini baholash metodologiyasini ishlab chiqish va 2025 yilgacha bo‘lgan davr uchun davlat migratsiya siyosati konsepsiyasini yangilash rejalashtirilgan.

Avvalroq Migrantlar federatsiyasining sobiq rahbari Vadim Kojenov migratsiya sohasidagi hozirgi vaziyatda bir qator dolzarb muammolar mavjudligini ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap xorijliklarni migratsiya ro‘yxatidan o‘tkazish muammosi haqida bormoqda — mavjud mexanizmlar eskirgan, barcha tartib va jarayonlarni isloh qilish talab etiladi.

Shu sabab, Kojenov migrantga alohida ariza yoki davlat xizmatlari portalidagi akkaunt orqali migratsiyaga ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini berishni taklif qildi.

Fevral oyi boshida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda migratsiyadan oldingi o‘quv markazlarini ochish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ma’lum qilingandi.

Mart oyiga kelib Rossiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat organlari migratsiya bo‘yicha hukumatlararo kelishuvlarni tayyorlash ustida ishlayotgani haqida xabar berildi.