Shavkat Mirziyoyev hamda Italiya prezidenti Serjo Mattarella o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Unda tomonlar iqtisodiy hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqishdi.

Davlat rahbarining Italiyaga rasmiy tashrifi doirasida o‘tkazilgan biznes-forum yakunida umumiy qiymati 9 mlrd yevrodan ziyod kelishuv va shartnomalar to‘plami imzolandi.

Ta’lim, arxeologiya, ekologik xatarlarga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Italiya Vazirlar kengashi Raisi Jorja Meloni bilan kechgan muzokarada munosabatlarni ustuvor yo‘nalishlarda yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Unda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish asosiy vazifa ekani ta’kidlanib, o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi keyingi yillarda ikki barobar ko‘paygani qayd etildi.

Tomonlar texnologik va innovatsion sheriklik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligini qayd etishdi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Madaniyat, italyan tilini o‘rganish, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bosh vazir O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda sheriklik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhitini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi hamda “Italiya — Markaziy Osiyo” hamkorlik formatini rivojlantirishga chaqirdi.

Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilar ekan, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni Termiz shahridagi logistika markazi imkoniyatlaridan foydalangan holda davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Jorja Meloni ikki mamlakat o‘rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi.

Tomonlar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 11 ta davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo hujjatlarni almashdi.

Bular qatorida huquqiy masalalarda, sanoat mulki va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitimlar mavjud.

Shuningdek, quyidagi hujjatlar qabul qilindi:

  • O‘zbekiston Madaniy meros agentligi bilan Italiya savdo agentligi o‘rtasida restavratsiya sohasi bo‘yicha memorandum;
  • O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish fondi va Italiya madaniyat vazirligi o‘rtasida madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;
  • tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2023−2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • 2026-yilga qadar madaniy almashinuvlar dasturi.

Avvalroq ikki mamlakat o‘rtasida o‘tkazilgan forum yakunlari bo‘yicha energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, charm-poyabzal, to‘qimachilik va mashinasozlik sanoati, ekologiya, transport va logistika, shuningdek, bank sektorini qamrab olgan investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolangandi.