Marat Xakimov Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limni fizika va matematikaga ixtisoslashgan sinfda o‘qib, bu fanlarni a’lo o‘zlashtiradi.

Maktabni tugatish arafasida qaysi sohani tanlashni bilmasdan, fizika va matematika fanlari asosiy bo‘lgan universitetlarga topshiradi va 2007-yili Toshkent shahridagi “Gubkin nomli Rossiya Davlat Neft va Gaz universiteti” imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, eng yuqori ko‘rsatkich bilan o‘qishga qabul qilinadi.

Qahramonimiz universitetni bitirgach, ikki yil Nukusda, so‘ng ikki yil Toshkentda neft va gaz sohasida ishlaydi. 2016-yili Germaniyaning Gamburg shahridagi “Hamburg University of Applied Sciences” universitetiga bakalavr bosqichiga qabul qilinadi. Uning Germaniyadagi yo‘li shu tariqa boshlanadi.

Marat hozirgi kunda Gamburgda joylashgan “justDice” (AppLike Group) kompaniyasida Senior Software Engineer bo‘lib ishlaydi.


Nimaga Android-dasturchilik?

Ilk bor telefonimni 2007-yilda olganman, o‘shanda ular qanday ishlashi va dasturlar qanday yozilishiga qiziqqanman. U paytlari deyarli barcha telefonlar “Symbian OS” tizimida ishlardi. Texnika rivojlana boshlagach, keyinchalik telefonlar Android va iOS tizimlariga o‘ta boshladi.

Bu orada men o‘zimning birinchi Android tizimida ishlaydigan smartfonimni oldim. Telefonlarga dasturlar qanday yozilishi haqidagi qiziqishlarim yanada ortdi va shu tariqa dasturchilikka kirib keldim.

Men Android-dasturchi sifatida Android tizimi uchun yangi dasturlar yaratish, bor mavjudlariga esa yangiliklar kiritish va yuzaga kelgan xatoliklarni tuzatish bilan shug‘ullanaman. Ba’zi loyihalarda backend qismiga hissa qo‘shsam, ba’zilarida frontend qismida ham ishlayman.

Germaniyaga viza olish. Bu jarayon uzoq vaqtga cho‘zilmagan. Mening holatimda, viza olish uchun kerakli hamma hujjatlarni elchixonaga topshirganimdan keyin 1−1,5 oyda olganman.

Viza olish uchun ariza, universitetdan qabul qilinganlik haqidagi ma’lumot, IELTS-sertifikati va eng asosiysi Germaniya bankida ochilgan hisob-raqamimda yetarlicha pulim borligi haqida hujjat kerak bo‘lgan. Hujjatlarning to‘liq ro‘yxati bilan elchixona saytida tanishingiz mumkin.


Mavzuga doir. Germaniyadagi “Amazon” kompaniyasida ishlaydigan Jahongir Rahmonov hikoyasi.


Ishga kirish bosqichlari

Hozirgi ishlayotgan kompaniyamga universitetda o‘qib yurgan paytim kirganman. Bu yerdagi universitetlarda talabalar kompaniyalarda amaliyot o‘tashi majburiy. Odatda bunday amaliyotlar uch oydan olti oygacha davom etib, talabalar o‘zlari tanlagan yo‘nalish bo‘yicha real loyihalarda ishlab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Men ham amaliyot o‘tash uchun hozirgi ishlayotgan kompaniyamga ariza topshirganman. Agar sizning rezyumengiz ularga ma’qul kelsa, kompaniya sizni keyingi bosqich — HR bilan bo‘ladigan 30 daqiqalik suhbatga taklif qiladi.

Suhbatda nomzod o‘zi haqida biroz ma’lumot beradi. Shundan so‘ng, dasturlash tili, tanlangan texnologiya va algoritmlar haqida savol-javoblar bo‘ladi. Men bu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tganman.

Bir−ikki kundan keyin kelgusi bosqichga o‘tganim haqida elektron manzilimga xabar kelgan va meni yana suhbat uchun ofisga taklif qilishgan. Bu bosqich ikki qismdan iborat bo‘lgan.

Birinchi qismida birorta loyihaning ozgina qismidan kod berilib, shu kod qanday ishlashi va qaysi qismini yaxshiroq yozish mumkinligi haqida so‘rashgan. Ikkinchi qismida “Algorithm&Data Structures” bo‘yicha oson masala berilgan.

Bu bosqichdan ham muvaffaqiyatli o‘tganimdan so‘ng kompaniya ta’sischisi bilan ham suhbat bo‘lgan. Shu tariqa amaliyotchi sifatida olti oy ishlaganman. Keyin yana bir yil “Working Student” sifatida faoliyat yuritib, universitetni bitirganimdan keyin to‘liq ishlab qolishim uchun shartnoma taklif qilishgan.

android, dasturchi, germaniya

Dasturchilar ish haqi va yashash uchun xarajatlar

Germaniyada Android-dasturchilarning oyliklari ularning qayerda yashashi, qanday kompaniyada ishlashi va darajasiga qarab belgilanadi.

“Glassdoor” ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rtacha oylik yiliga 65 ming yevroni tashkil etadi. Soliq masalasiga keladigan bo‘lsak, Germaniyada ishlaydiganlar asosan daromad solig‘ini to‘laydi.

Bundan tashqari, tibbiy sug‘urta, pensiya va ishsizlik sug‘urtalari ham oylikdan ushlab qo‘linadi. Germaniyada daromad solig‘i progressiv soliq bo‘lib, qancha ko‘p oylik olsangiz, shuncha ko‘p soliq to‘laysiz. Bu foiz 18%dan 45%gacha yetishi mumkin.

Tibbiy sug‘urtani yarmi ishchi, qolgan qismi esa ish beruvchi tomonidan to‘lanadi. Bu sug‘urta oila a’zolarini ham qoplaydi.

Farqlar va qiyinchiliklar

Ikki mamlakat orasidagi farqlar. Viza olgach, Germaniyaga 2016-yili ko‘chib o‘tdim. Bu yerga kelgach, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida ko‘plab farqlar sezdim. Men uchun kutilmagan yangiliklardan biri bu yerda yakshanba kuni barcha do‘konlar yopiqligi bo‘lgan.

Tabiiyki, O‘zbekistondan kelganlar uchun bu kutilmagan vaziyat, sababi bizda ko‘pchilik bozorlikni yakshanba kuni qilishga o‘rganib qolgan.

Yana boshqa farqlaridan biri bu davlat tashkilotlariga, kasalxonalarga va ko‘pchilik joylarga borish uchun oldindan uchrashuv vaqtini kelishib qo‘yish kerak. Buni nemislar “termin” deb atashadi.

Bu o‘z ishlaringizni oldindan reja qilishga undaydi.

Ob-havoda ham yaxshigina farq sezganman. Gamburg shahrining ob-havosi O‘zbekistonga solishtarganda salqinroq, kuz va qish oylarida quyoshni ko‘rish ehtimoli juda past va namlik darajasi juda yuqori. Quyosh odamlarning kayfiyatiga ta’sir qilishi mumkinligini shu yerga kelib his qilganman.

Meni hayron qoldirgan taraflaridan yana biri bu nemislarning samimiyligi bo‘lgan. Agar Germaniyada boshqa odam bilan nigohingiz bir-biringizga tushib qolsa, ular sizga jilmayib qo‘yishadi va bu albatta, sizni kayfiyatingizni ko‘taradi.

android, dasturchi, germaniya

Qiyinchiliklarga keladigan bo‘lsam, men uchun eng qiyini oilamni o‘zim bilan olib keta olmaganim bo‘lgan. Germaniyaga ko‘chib kelganimda qizim endigina bir yoshga to‘lgan edi. Bundan tashqari, o‘qishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘lgan.

Tabiiyki, yashash xarajatlarini qoplash uchun o‘qishdan bo‘sh vaqtlarda ishlashimga to‘g‘ri kelgan. Nemis tilini bilmaganim uchun ish topish ham oson bo‘lmagan. Yanvar — fevral oylarida talabalar uchun qishki ta’til bo‘lardi va mana shu oylarda biz talabalarda har kuni ishlashga imkoniyat bo‘lgan.

Germaniyaga kelgan yilim qishki ta’tilda Gamburg yaqinida joylashgan shaharlardan birida, onlayn do‘konda ishlaganmiz. Ish ertalabki soat 6da boshlanardi, poyezdda Gamburgdan bir soatlik yo‘l edi. Ishga vaqtida yetib borish uchun ertalab 04:00 dagi poyezdga ulgurishimiz kerak edi.

Biz yashagan joydan vokzalgacha bo‘lgan masofa ham uzoq bo‘lgan va avtobuslar tunda tez-tez yurmaganligi sabab, soat 1:30 larda uydan chiqib ketardik. O‘sha paytlari kuniga atigi ikki−uch soat uxlaganmiz.

Xullas, shu tartibda ishlashga majbur bo‘lganmiz.

“Universitetda o‘qish kerak”

Mening fikrimcha, dasturchilar universitetda o‘qishi kerak, lekin 4 yil ko‘plik qiladi. Universitet dasturlashga kerak bo‘ladigan bilimlardan tashqari jamoada ishlash, boshqalar bilan muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi va yangi do‘stlar/tanishlar orttirish (networking) uchun ham juda zo‘r imkoniyat.

Shaxsan men uchun oliygoh shu aytgan narsalarimning hammasiga erishishimga katta hissa qo‘shgan. Masalan, “Software Engineering” fanidan har bir dasturni yaratish bosqichlari, g‘oyadan uni mahsulotga aylantirgungacha barcha bosqichlarini o‘rganganmiz.

android, dasturchi, germaniya

Menejerlar, dizaynerlar va umuman loyihaga mas’ul boshqa barcha bilan jamoada qanday ishlash, qanday muloqot qilish haqida ham tushunchaga ega bo‘lganman.

Bundan tashqari, universitetda ikki−uch kishilik jamoalarga bo‘linib, har xil loyihalarni bajarib, natijalarini taqdimot qilib berardik.

Dasturlash bu faqat kod yozish degani emas, balki biror biznesni muvaffaqiyatli yuritish uchun kerak bo‘ladigan jarayonlar jamlanmasi deb o‘ylayman.