Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

“Spot” nomzodning saylovoldi dasturida ilgari surilgan tashabbuslarni bir joyga jamladi.


Sog‘liqni saqlash

Keyingi yetti yilda mamlakatning tuman va shaharlarida 700 ta yangi poliklinika tashkil etiladi.

Shuningdek, birlamchi bo‘g‘indagi barcha oilaviy shifokor punktlari, poliklinika va shifoxonalar ta’mirlanib, filtrlangan ichimlik suvi va issiq suv bilan to‘liq ta’minlanadi.

Gemodializ bo‘limlari soni ikki karra ko‘paytirilib, 200 taga yetkaziladi. Bu orqali barcha tuman va shaharlar mazkur xizmat bilan qamrab olinadi.

Nomzodning ta’kidlashicha, har yili 1 mln aholi jigar sirroziga olib keluvchi gepatit “B” va “S” bo‘yicha skriningdan o‘tkaziladi, gepatit “S” ga chalingan bemorlar to‘liq davlat hisobidan davolanadi.

Barcha tuman va shaharlarda xususiy sheriklik asosida MRT va MSKT yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun $100 mln investitsiya yo‘naltiriladi.

“Yana bir yangi tashabbus. Endi oilaviy shifokorlarni kafolatlangan tibbiy xizmatlar bo‘yicha qayta tayyorlab, ularga malaka sertifikati beramiz. Sertifikati bor shifokorlarning oylik ish haqi ikki karra oshiriladi”, — dedi nomzod.

Xuddi shu tartib hamshiralarga ham joriy qilinadi. Tibbiyot xodimlariga ko‘p yillar ishlaganlik uchun to‘lanadigan ustamalar miqdori ham qayta ko‘rib chiqilib, oshiriladi.

Tez tibbiy yordam avtomobil parki kelgusi yetti yilda to‘liq yangilanadi va ularning 50%i elektromobillar bilan to‘ldiriladi.

Natijada, yonilg‘ining o‘zidan yiliga 200 mlrd so‘m tejaladi va ushbu mablag‘lar tez tibbiy yordam xizmatlarini rivojlantirishga sarflanadi.


Uy-joy qurilishi, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash

Andijonda 2030-yilga qadar 3 mingta ko‘p qavatli uy barpo etilib, 100 ming oila yangi uy-joyli bo‘ladi. Bu maqsadlar uchun kelgusi yetti yilda 30 trln so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2030-yilga qadar 427 ta mahallada 600 ming aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash, 1 mln aholining suv ta’minotini yaxshilash belgilangan.

Andijon, Xonobod va Qorasuv shaharlari, Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq, Andijon, Asaka va Oltinko‘l tumanlaridagi 510 ming aholining suv ta’minotini yaxshilash uchun “Xonobod-Andijon” magistral suv quvurining ikkinchi tarmog‘i quriladi.

Bunga $35 mln investitsiya jalb qilinadi. Umuman, viloyatda markazlashgan ichimlik suvi qamrovi hozirgi 87%dan 97%ga yetkaziladi.


Ta’lim

Kelgusi yillarda bog‘cha yetarli bo‘lmagan 131 ta mahallada 1,5 mingta davlat va xususiy bog‘chalar barpo etiladi, 210 ta bog‘chaning quvvatlari oshiriladi.

Natijada, qo‘shimcha 90 mingta bola uchun maktabgacha ta’lim imkoniyati yaratilib, qamrov 100%ga yetkaziladi.

Kelgusi yetti yilda maktab mavjud bo‘lmagan 25 ta mahallada jami 20 ming o‘rinli yangi maktablar barpo etiladi. Shuningdek, 150 ta maktabda qo‘shimcha o‘quv binolari qurish hisobiga, 80 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

Kelgusi yillarda Andijon davlat universitetida 2 ming o‘rinli, Andijon chet tillari institutida 1 ming o‘rinli, Andijon tibbiyot institutida 1 ming o‘rinli yangi o‘quv binolari barpo etiladi.

Viloyatda 6 ta yangi oliygoh tashkil etilib, ularda 30 dan ortiq yangi yo‘nalishlar ochiladi. Bular hisobidan oliy ta’limda qamrov hozirgi 30%dan 50%ga yetkaziladi.


Transport

Nomzod uchrashuvda Farg‘ona vodiysi aholisiga qulaylik yaratadigan, “Toshkent-Andijon” muqobil pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha mega-loyiha yil oxirigacha boshlanishini ma’lum qildi.

“Vodiy aholisining uzog‘ini yaqin qilish maqsadida „Andijon — Farg‘ona — Qo‘qon — Namangan — Andijon“ temir yo‘l halqasi bo‘ylab 4 ta elektropoyezdlar harakati yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi nomzod.

Natijada, kuniga 8 ta qatnov tashkil etilib, 10 mingga yaqin yo‘lovchi tashiladi. Bunga $40 mln jalb qilinadi.

Shuningdek, Andijon xalqaro aeroporti zamonaviy standartlar asosida to‘liq ta’mirlanadi va bu ishlarga $350 mln yo‘naltiriladi.

Shu yil oxirigacha Jahon banki bilan birga, “Toshkent-Andijon” muqobil pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha $2,5 mlrd.lik mega-loyiha boshlanadi.

Loyihani amalga oshirish natijasida Andijondan Toshkent shahriga borish vaqti hozirgi 5 soatdan 3 soatga qisqarishi qayd etildi.


Avtomobilsozlik

Avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirishga qo‘shimcha $1 mlrd investitsiya kiritiladi.

Bu orqali kelgusi ikki yilda avtomobil ishlab chiqarish hozirgi 300 ming donadan 500 ming donaga olib chiqiladi.

“2030-yilga qadar esa yiliga 1 mln dona avtomobil ishlab chiqarishga erishamiz. Shuningdek, Asakada 13 ta korxona ishtirokida yirik mashinasozlik klasteri tashkil etilmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilar bilan uchrashuvda strategik ahamiyatga ega yirik loyiha xususida to‘xtalib o‘tdi.

“O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy xalqaro temir yo‘l qurish” mega loyihasi haqida to‘xtalib, hozir loyihaning iqtisodiy asoslari tayyorlangani hamda yil yakunigacha hamkor davlatlar bilan birga qurilish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanishi ta’kidlandi.

“Bu loyiha andijonlik tadbirkorlarning ham uzog‘ini yaqin qilib, Xitoy bilan yuk tashish masofasini 1,2 ming kilometrga, muddatini esa, 10 kungacha qisqartirish imkonini beradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.


Ijtimoiy yengilliklar

Shuningdek, yolg‘iz keksalikni rasmiylashtirish bo‘yicha tizim o‘zgartirilib, bu masalalar mahallaning o‘zida hal qilinishi ta’kidlandi.

Mahallalardagi yolg‘iz keksalarni ijtimoiy xodimlar tomonidan aniqlash tartibi joriy etiladi va barcha talab etiladigan hujjatlarni ularning o‘zi rasmiylashtiradi.

“Bundan buyon yolg‘iz keksalikni belgilash uchun hokim qarori talab etilmaydi. Shuningdek, „Saxovat“ uylarida yashayotgan otaxon-onaxonlarimiz uchun pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lab beriladi (amalda 20% to‘lanadi)”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.


Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston hamda Xorazm aholisi bilan ham uchrashuv o‘tkazgandi.