“Twitter” foydalanuvchilar xabarlarini ko‘rishga vaqtinchalik cheklovlar joriy qilmoqda, deya xabar berdi “BBC Rus xizmati” Ilon Mask so‘zlariga tayanib.

Ilon Mask maʼlumotlar yigʻish va tizimni manipulyatsiya qilishning “oʻta darajasi” bilan bogʻliq holda ijtimoiy tarmoq tomonidan cheklovlar joriy etilgani haqida maʼlum qildi. Biroq, amerikalik milliarder ma’lumotlar yig’ish deganda nimani nazarda tutganini tushuntirmadi.

Endi tasdiqlangan akkauntlarga ega “Twitter” foydalanuvchilari kuniga 10 mingtagacha postni, obunasiz 1000 tagacha tvit, yangi foydalanuvchilar esa 500 tagacha xabarlarni oʻqishi mumkin boʻladi.

Maskning qarori ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini veb-versiyasi orqali oyiga $8, iOS va Android ilovalari orqali esa $11 turadigan pullik obuna bo‘lgan “Twitter Blue"ni sotib olishga undash istagi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Britaniyaning “BCS” axborot texnologiyalari tadqiqot tashkiloti eksperti Adam Leon Smit bu harakatni “juda g‘alati” deb atadi, chunki yangi cheklov choralari “Twitter"ning reklama daromadiga ta’sir qiladi.

Oktabr oyi boshida Mask “Twitter"ni oldin kelishilgan shartlar asosida $44 mlrdga sotib olishga rozilik bildirgandi.

Keyinchalik Mask kompaniyaning 75% xodimini ishdan boʻshatmoqchi ekanligi haqida ma’lum qildi. 11-noyabr kuni “Twitter” rahbari xodimlariga masofadan turib ishlashni taqiqladi.

12-noyabr kuni esa “Twitter” 5500 ta pudratchidan 4400 tasini ishdan bo‘shatdi. Ular ishdan bo‘shatilgani haqida korporativ akkauntlariga kira olmaganlaridan keyin bilishgan.

Kompaniya xabariga ko‘ra, bu qarorga budjetni qayta ko‘rib chiqish zarurati sabab bo‘lgan.