Yanvar-iyun oylarida Rossiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Litva, Bolgariya, Polsha hamda Ruminiya kabi davlatlarda jami 21 595 ta o‘zbekistonlik manzilli ishlarga joylashtirilgan. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov ma’lum qildi.

Bu davrda xorijning vakolatli tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Buyuk Britaniya, Bolgariya, Ruminiya, Latviya, Polsha, Germaniya, Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlardan 58 ta tashkilot bilan hamkorlik kelishuvlari imzolanib, ularda 30 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan.

Bu davrda agentlik tomonidan jami 120 mingga yaqin fuqaroga xizmatlar ko‘rsatilgan. Shundan:

  • 103 mingdan ortig‘iga maslahat xizmati;
  • 6700 dan ortig‘iga huquqiy;
  • 7600 dan ortig‘iga ijtimoiy yordam berilgan.

Bundan tashqari, 1424 nafar fuqaroga moddiy yordam ko‘rsatilib, shundan, 935 nafariga BHMning 2 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Shuningdek, 36 nafar fuqaro vaqtinchalik xostellarga joylashtirilgan, og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan 202 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelingan.

Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari aralashuvi bilan fuqarolar ish beruvchilaridan $516 ming miqdoridagi ish haqlari undirib berilgan.

Bugungi kunda Germaniya, Chexiya, Vengriya, Isroil, Yaponiya, Rossiya, Latviya, Litva, Bolgariya, Polsha kabi davlatlarda tibbiyot, haydovchilik, qurilish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning turli sohalarida bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmoqda.

Avvalroq 2022-yilda 60 mingga yaqin o‘zbekistonlik xorijiy mamlakatlarga qonuniy ishga jo‘natilgani ma’lum qilingandi.