Shavkat Mirziyoyev raisligida Farg‘onada yig‘ilish o‘tkazildi. “Spot” yig‘ilishda tilga olingan tanqidiy fikrlar va mutasaddilar oldiga qo‘yilayotgan topshiriqlarni bir joyga jamladi.

Investitsion ko‘rsatkichlar qoniqarsiz

“Endi hududlarni rivojlantirish bo‘yicha muammolarni ochiq-oydin gaplashamiz. Bu borada so‘rov qattiq bo‘ladi, masalani ichiga kirmagan rahbarlar shu joyning o‘zida ishdan olinadi”, — dedi Prezident.

Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha Farg‘ona viloyatidagi ayrim tuman va shaharlarning ko‘rsatkichlari qoniqarsizligini ko‘rsatib o‘tdi.

Misol uchun, Farg‘ona shahrida o‘tgan yilning olti oyida bor-yo‘g‘i $25 mln investitsiya kiritilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu raqam atigi $12 mln tashkil qilmoqda.

Marg‘ilon shahrida, O‘zbekiston, Bog‘dod, Toshloq tumanlarida jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning yarmiga ham yetmaydi.

Investitsiya jalb qilishi bo‘yicha Farg‘onaga yo‘naltirilgan har bir million dollar davlat investitsiyasiga $2,7 mln xorijiy investitsiya to‘g‘ri kelgan.

Lekin, Farg‘ona shahri va Oltiariqda davlat ajratgan har bir million dollarga nisbatan $200 ming kam, Buvayda tumanida esa $300 ming kam investitsiya jalb qilingan.

“Bu tuman va shahar hokimlari qanday qilib bosh ko‘tarib yuribdi? Har biriga investitsiya bo‘yicha o‘rinbosar, 3−4 tadan alohida shtatlar berilgan bo‘lsa!”, — deya davlat rahbari mutasaddilarni tanqid qildi.


Sanoat hajmi kamaygan

Sanoat salohiyati hamma tumanda ham birdek ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, birinchi yarim yillikda sanoat hajmi Toshloqda 17%, Qo‘qonda 3%ga, Oltiariqda 1,3%ga va Quvada 1,2%ga kamaygan.

Viloyatda aholini arzon va sifatli uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha ham ahvol yaxshi emas. Joriy yilda viloyatda qurilishi rejalashtirilgan 212 ta uy-joydan bugungi kungacha 42 tasi foydalanishga topshirilgan, xolos.

Mebelchilikda viloyatda o‘tgan olti oy davomida 250 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, Oltiariq, Rishton, Dang‘ara, Furqat, Yozyovon va Farg‘ona tumanlaridagi jami mebel mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 10 mlrd so‘mga ham yetmaydi.

Shu bilan birga, viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar ahvoli ham qoniqarli emas.


Davlat obyektlari o‘rnida uy-joy qurib yuborish holatlari ko‘p

Viloyatda 2022-yilning olti oyida faoliyat yuritmayotgan korxonalar soni 2,5 mingtani tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 14,5 mingtaga yetgan.

Yil boshida respublika bo‘yicha 60 ta tuman to‘rtinchi va beshinchi toifalarga kiritilib, ularni iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur boshlandi.

Farg‘onada ushbu toifalarga kirgan Furqat, Yozyovon va So‘xdagi tadbirkorlar o‘tgan olti oyda 30 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan.

Lekin, yaratilgan sharoitlarga qaramasdan, mazkur tumanlarda natija ko‘rinmayapti. Ahvol yaxshilanishi o‘rniga, ulardagi tadbirkorlar tushumi o‘tgan yilga nisbatan kamayib ketgan.

Sanoat zonalarida katta maydonlar bo‘sh turganligi, viloyatdagi 19 ta tuman va shahar hokimlari ularni tadbirkorlarga taklif qilib, mavjud imkoniyatlardan foydalanmayotgani tanqid qilindi.

“Shuncha bo‘sh joylar turib, hokimlar sanoat zonalari uchun qishloq yerlari toifasini o‘zgartirish bo‘yicha murojaat qilishdan „charchamayapti“. Eng achinarlisi, viloyatda ishlab chiqarish bo‘lgan davlat obyektlarini xususiylashtirib, ular o‘rnida yakka tartibdagi uy-joylar qurib yuborish holatlari mavjud”, — dedi davlat rahbari

Bosh prokuratura, Kadastr agentligiga bir oy muddatda Farg‘ona viloyatida so‘nggi besh yilda sanoat zonalari va bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlari toifasini yakka tartibdagi uy-joy qurishga o‘zgartirish holatlarini tekshirib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.

Bundan buyon, sanoat maqsadlari uchun mo‘ljallangan yerlar toifasini o‘zgartirish bo‘yicha qarorlar faqat Hukumat komissiyasi roziligi bilan amalga oshirilishi belgilandi.


Narxlar barqarorligi ta’minlanmagan

Yig‘ilishda dehqonlarga ekin yerlarini ijaraga berish ishlari ham nomiga tashkil qilingani ko‘rsatib o‘tildi.

Jumladan, aholi yashash joyidan uzoqda joylashgani, suv ta’minoti og‘irligi sabab 1 157 gektar ekin yerlari tanlovga qayta-qayta qo‘yilmoqda.

Viloyatda ekinlarni yetishtirish uchun xarajatlar 1 sotix yer maydoniga o‘rtacha 220 ming so‘mni tashkil qilib, respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan 1,5 barobar ko‘p.

Shuningdek, o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, 32% yer egalariga tuman hokimligi tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmagan.

Inflyatsiyani jilovlash, bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlashda hokimlar tomonidan ko‘rilayotgan choralar ham qoniqarsiz ekani qayd etildi.

Shu bois, hududida ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun Farg‘ona viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A.Urinboyev, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Tillavoldiyev, Rishton tumani hokimi S.Soliyev, Marg‘ilon shahar hokimi A.Ziyavitdinov va soliq boshlig‘i T.Xusanov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Shuningdek, viloyat hokimining qurilish hamda investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari, Bag‘dod, Quva va Buvayda tumanlari hokimlariga hayfsan e’lon qilindi.

Farg‘ona shahri hokimi va sektor rahbarlarining lavozimi 3 oy sinov muddati bilan o‘z vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi.


“Karkidon” suv ombori atrofid turizm zonasini tashkil qilish mumkin

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, viloyatning ishga solinmagan imkoniyatlarini aniqlash va ularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha har bir tuman va shaharga respublikadan mas’ullar biriktirildi.

Ular tomonidan $2 mlrd dollarlik qo‘shimcha zaxiralar aniqlandi va tadbirkorlar bilan uchrashib, aniq loyihalar shakllantirildi.

“Agar hokimlar vaqt ajratib, tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning dardiga quloq solsa, tashabbuslarini tinglasa, viloyatdagi tumanlarning barchasi yil yakuniga qadar bemalol kamida $100 mln.dan investitsiya jalb qilishi mumkin”, — dedi davlat rahbari.

Quva va Beshariq tumanlari misolida ushbu imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tildi.

Jumladan, Quva tumanida yaroqsiz holga kelib qolgan “Quva-2” nasos stansiyasini xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga berish va 9 mlrd so‘m investitsiya evaziga uskunalar o‘rnatib, elektr xarajatlarini oyiga 2,5 mlrd so‘mdan 360 mln so‘mga, ya’ni 7 barobarga qisqartirish mumkin.

Bundan tashqari, “Karkidon” suv ombori atrofida har yili 100 ming nafar sayyoh uchun xizmat qiladigan turizm zonasini tashkil qilish mumkin.


Yangi ish o‘rinlari bilan xorijdagi 6 mingta migrantni qaytarish mumkin

Quva tumanidagi “Soyguzar” stansiyasini modernizatsiya qilish, 1,5 kilometr elektr tarmog‘i qurish va 2 ta yirik transformator o‘rnatish hisobiga tumandagi sanoat mahsulotlari hajmini qo‘shimcha 100 mlrd so‘mga oshirish mumkin.

Tumandagi 3 ta sanoat zonasida bo‘sh turgan 10 gektar maydonda 50 ga yaqin loyihani amalga oshirish va 1 mingga yaqin ish o‘rni yaratish bo‘yicha ham tashabbuslar bor.

$25 mln investitsiya hisobiga “Mustaqillik” mahallasidagi 26 gektarda Agrologistika va yoshlar markazini tashkil qilib, 1,5 ming aholini yuqori daromadli ish o‘rni bilan ta’minlash mumkin.

Farg‘onani Andijon bilan bog‘laydigan yirik magistral yo‘l Quva tumanidan o‘tgan bo‘lib, bu hududdan kuniga 2−3 mingta avtomobil qatnaydi. Bu — yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish uchun katta imkoniyat.

Umuman, yangi aniqlangan imkoniyatlar orqali birgina Quvada yil yakuniga qadar qo‘shimcha $150 mln.lik 10 mingdan ziyod ish o‘rni yaratadigan 160 ta loyihani boshlash uchun sharoitlar yetarli.

Bu loyihalar hisobiga xorijdagi 6 ming nafar migrantlar qaytib kelishi uchun muhit yaratiladi, deya ta’kidlandi yig‘ilishda.


Sariqamish ko‘lida ekoturizm yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Davlat rahbari Beshariq tumanidagi imkoniyatlarni ham ishga solish yo‘llarini ko‘rsatib o‘tdi.

Beshariqni Tojikistonning So‘g‘d viloyati bilan bog‘lovchi ko‘prikdagi ishlar yakuniga yetkazilsa (qurilish ishlari 70% bajarilgan), yo‘l 5 barobarga qisqaradi. Natijada Beshariq Tojikistonning 500 ming aholisi uchun tranzit hududga aylanadi.

Bu Beshariqda kamida $40 mln.lik servis, savdo, sayyohlik va tibbiyot turizmi obyektlarini barpo qilish uchun katta imkoniyat ekanligi ta’kidlandi.

Shuningdek, tumandan o‘tuvchi magistral avtomobil yo‘li bo‘yida savdo va servis obyektlarini tashkil qilib, kamida 500 nafar aholini daromadli qilish bo‘yicha jami $8 mln.lik 60 ta loyiha tashabbuskorlari aniqlangan.

Sariqamish ko‘lida ekoturizm maskanlarini barpo qilish, ovchilik turizmini yo‘lga qo‘yish uchun tadbirkorlar $10 mln investitsiya kiritish taklifini bildirgan.

Shu orqali Sariqamish ko‘li atrofiga har yili 50 ming nafar sayyohni jalb qilib, turizm xizmatlaridan qo‘shimcha $5 mln daromad topish mumkin.

Tumandagi 6 ta mahallada joylashgan sobiq mineral o‘g‘it saqlash omborlari negizida tadbirkorlar $21 mln investitsiya kiritish hisobidan
meva-sabzavotni saqlash va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish tashabbusini bildirgan.


$100 mlndan investitsiya jalb qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi

Beshariqda aniqlangan ana shu zaxiralar hisobiga, joriy yilda 100 million dollarlik 19 ta yirik loyihani boshlash va qo‘shimcha 10 milliard so‘m soliq tushumini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar bor.

Bu orqali joriy yilning o‘zida 14 ming aholi doimiy ish joyi, daromad manbaiga ega bo‘ladi.

Prezident Farg‘onada boshlangan ushbu tajribani barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish uchun yil yakuniga qadar “safarbarlik” e’lon qildi.

Har bir tuman uchun yil yakunigacha kamida $100 mln.dan investitsiya jalb qilish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Xususiy loyiha tashkilotlarini olib kelib, Farg‘onadagi barcha tumanlarning master-rejalarini ishlab chiqish, yerlarning bozor qiymatini aniqlab, tadbirkorlarga taklif qilish vazifasi qo‘yildi.

Minimal iste’mol xarajatlari miqdori 500 ming so‘mdan 570 ming so‘mga oshirilgani sababli Farg‘onada yana 9 ming oila kambag‘al toifasiga qo‘shildi.

Shu bois mutasaddilarga ushbu oilalarning har biriga hokim yordamchilarini biriktirib, ularning daromadini oshirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Farg‘onada aholiga dehqonchilik uchun auksionga chiqarilib, talabgor aniqlanmagan 1 157 gektar ekin yerlarini aholi uchun qulay hududlarga almashtirish, bu yerlarda kamida 15 ming ish o‘rni yaratishga ko‘rsatma berildi.