Mamlakat yoqilg‘i-energetika sohasida murakkab vaziyat yuzaga kelib, deyarli barcha hududlarda elektr energiyasida cheklovlar bo‘lmoqda. Energetika vazirligi energiya yetkazib berishda yuzaga kelayotgan uzilishlar bo‘yicha munosabat bildirdi.

Iyun oyida jami 34,8 mln kVt·soat majburiy cheklov kiritilgan bo‘lib, ko‘rsatkich iyul oyining o‘tgan 31 kuni mobaynida 175 mln kVt·soatni tashkil etgan. Natijada, yozning o‘tgan davrida jami 210 mln kVt·soat majburiy cheklov qo‘llanilgan.

Bunga qanday omillar sabab bo‘lmoqda?

Iyun oyida tizimda modernizatsiya va rekonsturksiya ishlarini xavfsiz olib borish maqsadida qator hududlarda maqsadli o‘chirishlar amalga oshirilgan.

Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” va uning hududiy filiallari hamda Energetika vazirligining barcha ijtimoiy tarmoqlardagi sahifa va kanallari orqali kamida bir sutka oldin xabarlar e’lon qilib borildi.

Natijada birgina Toshkent shahrining o‘zida 542 ta transformator podstansiyasi va 592,4 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mukammal, 923 ta transformator hamda 702,3 kilometr havo tarmog‘i joriy ta’mirlandi.

Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturiga muvofiq 930,6 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 228 ta transformator punktlari yangilandi.

“Sag‘bon”, “Yunusobod”, “Qo‘qon”, “Karvon”, “Qorasuv”, “Yalang‘och”, “Tuzel” va “Sergeli-35” podstansiyalaridagi 9 ta kichik quvvatli transformator katta quvvatga almashtirildi.

Ayni paytda ham “Yunusobod-Siti”, “Toshkent-Siti”, “Olmos”, “Yangi O‘zbekiston” hamda “Yangihayot” industrial zonalari uchun podstansiyalar qurish hamda ularni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yangi elektr uzatish tarmoqlarini bunyod qilish ishlari pudratchi tashkilotlar tomonidan davom etmoqda.

Bu ishlarni xavfsiz bajarish va elektr montyorlarning sog‘lig‘i hamda hayotiga tug‘ilishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish maqsadida kunning ma’lum vaqtlarida tegishli hududlardagi iste’molchilar elektr ta’minotidan vaqtincha uzib qo‘yilmoqda.

Iyul oyida esa, asosan, mamlakatda ob-havoning haddan tashqari isib ketgani elektr energetikasini uzluksiz hamda yo‘qotishlarsiz yetkazib berishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Mazkur holat birgina O‘zbekistonga xos emas. Dunyoning qariyb barcha burchagida anomal issiq harorat kuzatilmoqda. Oxirgi haftalarda, ayniqsa, O‘rta Yer dengizi mintaqasida, AQSh janubida va Xitoyning ayrim hududlarida jazirama kuzatildi. Gretsiya va Jazoirdagi 40 daraja issiq o‘rmon yong‘inlariga sabab bo‘ldi.

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) va Yevropa Yerni masofadan turib zondlash dasturi “Copernicus” direktori Karlo Buontempo “Deutsche Welle"ga bergan intervyusida 2023-yilning iyul oyida qayd etilgan havo haroratining 1940-yillardan beri yozib kelinayotgan ob-havo ma’lumotlaridan keskin farq qilishini ta’kidladi.

Uning aytishicha, hozirgi harorat “Oxirgi ming yillikda qayd etilmagan va hatto so‘nggi yuz ming yil ichida ham kuzatilmagan”.

Kuchli issiq harorat esa sovitish maqsadida elektr energiyasidan fodalanishning karrasiga oshishiga olib kelmoqda.

“Natijada kabellar kuyib ketyapti, transformatorlar ishdan chiqmoqda. Avariya oqibatlarini bartaraf etish esa ham katta mablag‘, ham ko‘p vaqt yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi xabarda.

Avariya yuz bermasligi uchun bir nechta fiderlarni tarmoqdan majburiy o‘chirib qo‘yib, qator xonadonlar, budjet tashkilotlari va tadbirkorlarni vaqtincha uzib turish — eng maqbul chora. Bu kutilmagan avariyaviy holatlarning oldini olishga hamda mablag‘ va vaqt tejalishiga xizmat qiladi.

Qaysidir hududni quyosh tig‘ida tashqaridan, ortiqcha yuklama tufayli esa ichidan qizib ketgan kabelni sovitish maqsadida ikki-uch soatga tarmoqdan uzib turish keyinchalik kabel va transformatorning yonib ketishi hamda iste’molchilar 10−12 soatlab elektr energiyasiz qolishlaridan ko‘ra afzalroq yechimdir.

“To‘g‘ri, iste’molchi hamisha haq. Qolaversa, siz, azizlarni uzluksiz va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash — bizning burchimiz”, qayd etadi vazirlik.

Oxirgi paytlarda kunlik ishlab chiqarish o‘rtacha 107,8%ni, oylik ishlab chiqarish o‘rtacha 106,2%ni, yillik ko‘rsatkich esa 101,8%ni tashkil etmoqda.

Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida quvvati 1500 MVt bo‘lgan issiqlik stansiyasining 500 kV kuchlanishli 2 ta elektr uzatish tarmog‘i, Bo‘stonliq tumanida quvvati 200 kVt bo‘lgan “Ispaysoy” mikroGESi hamda Yashnobod tumanida 30 mingdan ziyod xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan yangi “Olmos” podstansiyasi ishga tushirildi.

Ammo, iste’mol ham shunga yarasha bo‘lmoqda. Masalan, bugungi kunda o‘rtacha iste’mol kuniga 11 200 MVtga teng. Hatto kunning ayrim paytlarida, asosan, issiq harorat ko‘tarilgan vaqtda elektr energiyasi sarfi ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmiga teng, ba’zan talab undan ham ortib ketmoqda.

Buni birgina iyul oyining o‘zida sutkalik iste’molda ikki marta rekord ko‘rsatkichning qayd etilgani ham tasdiqlaydi. Xususan, 12-iyul kuni mamlakat bo‘yicha jami iste’mol 247,5 mln kVt·soatni tashkil qilgan bo‘lsa, 26-iyul kuni 250,7 mln kVt·soatga yetib, sutkalik rekord yangilandi.

“Biroq hozirgi sharoitda „Nima qilsa ham uzluksizlikni ta’minlayman“, deya zarur ehtiyot choralarini ko‘rmaslik, muqarrar avariya holati yuz berishi mumkinligini anglagan holda, barqarorlikka erishish istagida ortiqcha kuchlanishga o‘tila boshlagan hududlarni tarmoqdan uzmaslik ham yechim emas, aksincha, katta muammoga olib keladi”, deya ta’kidlaydi vazirlik.

Bunday vaziyatda energiya tejamkorlikka qat’iy rioya qilish, xonadonlarda ham barcha xonani emas, bittasini sovitish, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan sug‘urish, zarurat bo‘lmaganda, ayniqsa, kunduz kunlari lampochkalarni o‘chirib qo‘yish eng maqbul yo‘ldir.

Vazirlik aholidan tizim tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan majburiy choralarni to‘g‘ri tushunishlarini hamda qo‘llab-quvvatlashlarini so‘ramoqda.

Avvalroq “Hududiy elektr tarmoqlari” 2−3-avgust kunlari elektr uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirishda uzilishlar bo‘lishini ma’lum qilgandi.