Anomal issiq fonida O‘zbekistonda elektr iste’moli 2022-yilning yoz hamda 2023-yilning iyun oyidagi rekord ko‘rsatkichlarni yangiladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, joriy yilning 26-iyulida mamlakat bo‘yicha elektr iste’moli 250,7 mln kVt/soatni tashkil etdi.

2022-yilning xuddi shu kunida jami 236,9 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlatilgan bo‘lib, 26-iyuldagi ko‘rsatkich avvalgi yildagidan 5,8% oshgan.

Bundan oldin 2023-yil 12-iyul kuni mamlakat bo‘yicha jami iste’mol 247,5 mln kVt/soatni tashkil etib, rekord ko‘rsatkich yangilangandi.

Shu bilan birga, 26-iyul kuni elektr energiyasi iste’molining soatlik talabi qariyb 12 300 MVtni tashkil qildi. Bu 2022-yilning shu kundagi holatiga nisbatan 1 500 MVt (14,1%) ko‘pdir.

2022-yilda maksimal elektr energiyasi iste’moli 27-iyulda qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 239 mln kVt/soatni, kunduzgi iste’mol quvvati 10 800 MVtni tashkil qilgan.

Energetika tizimidagi elektr stansiyalari tomonidan kunlik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 243,9 mln kVt/soatni tashkil etdi. Bu 2022-yilning shu kungi holatiga nisbatan 21,5 mln kVt/soat (9,6%) ko‘pdir.

Kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo elektr uzatish tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 25%gacha pasayishiga olib keladi.

Bu, birinchi navbatda, tarmoqlarning fizik xususiyatlariga bog‘liq bo‘lib, bunday hollarda zarur chora sifatida tarmoqda majburiy cheklov kiritilmasa, yirik hajmdagi avariyalarga sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

“Iste'molchilardan tarmoqda keng ko‘lamli nosozliklar yuzaga kelishining oldini oladigan, ancha uzoq vaqt tuzatishni talab qiladigan holgacha yetib bormaslik uchun qisqa muddatga elektr energiyasini uzib turishga to‘g‘ri keladigan bunday zaruriy choralar bugun o‘ta muhim ekanligini to‘g‘ri tushunishlarini va qo‘llab-quvvatlashlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Vazirlik zarurat bo‘lmagan hollarda elektr qurilmalaridan foydalanmaslikka va bu orqali tizimda yuklamaning ortishini, avariyalar va uzilishlarning sodir bo‘lishini oldini olishga hissa qo‘shishga chaqirmoqda.

Joriy yilning iyun oyida anomal issiq ta’sirida O‘zbekistonda elektr iste’moli hajmi bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlar qayd etildi.

Xususan, 13-iyun kuni mamlakatda jami 231,7 mln kVt/soat elektr energiyasi sarflangan. Undan keyin, 16-iyun kuni bu ko‘rsatkich 242,6 mln kVt/soatni qayd etdi.

Toshkentda elektr energiyasida tez-tez uzilishlar kuzatilmoqda. Poytaxtning ayrim tumanlaridagi hududlarda rejaviy o‘chirilishlar haqida har kuni ma’lum qilib borilmoqda.