Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali soliq bazasini kengaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilish o‘tkazildi. “Spot” unda qayd etilgan muhim masala va topshiriqlarni bir joyga jamladi.

“Mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘yib, alohida dasturlar ishlab chiqilgani hisobiga mamlakatda kambag‘allik darajasi 17%dan 14%ga tushdi. Xususan, bir yarim yilda 3 mln aholi doimiy daromadga ega bo‘lib 1,5 mln aholi kambag‘allikdan qutilgan.

Natijada 347 ta mahalla kambag‘allikdan holi, 1,5 mingga yaqin mahalla esa ishsizlik bo‘lmagan hududga aylandi.


Har bir hokim $100 mln investitsiya jalb qiladi

Toshkent viloyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirish hajmi 135%ga o‘sib, $480 mlnni tashkil qilgani ta’kidlandi. Lekin bu ko‘rsatkich 8 ta tuman va shaharda 2021-yildagi hajmga ham yetmagan.

Shuningdek, o‘tgan olti oyda investitsiya dasturlari doirasida $240 mlnlik 322 ta loyiha ishga tushirilib, 8 mingta ish o‘rni yaratildi.

Lekin ayrim tuman va shahar hokimlari faqat kichik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish bilan cheklanib qolmoqda. O‘rtachirchiq, Chinoz, Qibray, Toshkent, Yangiyo‘l tumanlari va Nurafshon shahrida birorta ham yirik loyiha yo‘q.

Davlat rahbari har bir tuman va shahar hokimiga yil yakuni bilan kamida $100 mlndan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Olti oyda viloyatda $440 mlnlik eksport amalga oshirilganiga qaramay, quyidagi hududlarda eksport o‘tgan yilga nisbatan kamaygan:

  • Yangiyo‘l tumani, Bekobod va Chirchiq shaharlarida to‘qimachilik mahsulotlari;
  • Zangiota va Yuqorichirchiqda elektrotexnika mahsulotlari;
  • Olmaliq shahrida qurilish materiallari.

So‘nggi uch yilda viloyatda sanoat hajmi 19%ga o‘sib, 94 trln so‘mga yetdi. Lekin ushbu davrda sanoat mahsulotlari Bekobod tumanida 3,6%ga kamaygan bo‘lsa, Parkentda bor yo‘g‘i 2,6%ga oshgan.

O‘tgan uch yilda Zangiotaning viloyat sanoatidagi ulushi 8,3%dan 3,5%ga, Angren shahrida esa 7,5%dan 4,8%ga kamaygan.

Joriy yilning olti oyida viloyatda xizmatlar hajmi 7,3%ga o‘sgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich Qibray va Yangiyo‘l tumanlarida 1%ga ham yetmaydi.

Qurilishi reja qilingan 114 ta ko‘p qavatli uy-joylardan bugungi kungacha atigi 9 tasi foydalanishga topshirildi.

Shu va boshqa kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani, ishlarni lozim darajada tashkil qilmagani uchun:

  • Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari M.Fayziyev;
  • Qibray tumani hokimi M.Mirqosimov;
  • Yangiyo‘l tumani hokimi U.Yalgashev;
  • mazkur tumanlarning boshqa sektor rahbarlari lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, viloyat hokimining sanoat va investitsiyalarga mas’ul o‘rinbosari N.Sharipov hamda qurilishga mas’ul o‘rinbosari Sh.Mahmudovga hayfsan e’lon qilishga ko‘rsatma berildi.


Yil yakunigacha $2 mlrdlik loyihalar boshlanadi

Yangi imkoniyatlarni ishga solish orqali Ohangaron tumanida yil yakunigacha qo‘shimcha $180 mlnlik 100 ta loyihani boshlash uchun barcha sharoitlar yetarli.

Buning hisobiga 5 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil qilinadi va qo‘shimcha 40 mlrd so‘m soliq tushumlariga zamin yaratiladi.

Angrenda esa $150 mlnlik 80 ta loyihani amalga oshirish, 7 ming nafar aholini band qilish va qo‘shimcha 35 mlrd so‘mlik soliq tushumi manbasini yaratish mumkinligi hisob-kitob qilingan.

Umuman, Toshkent viloyatida ishlarni samarali tashkil qilish orqali yil yakuniga qadar $2 mlrdlik yangi loyihalarni boshlash, budjetga qo‘shimcha 1 trln so‘m tushirish uchun barcha imkoniyatlar borligi qayd etildi.


26 ta soliq idoralari rahbarlari ishdan olindi

Birinchi yarim yillikda mamlakatda soliq tushumlari 76,3 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 107,5%ga o‘sdi. Bu davrda 2,3 trln so‘m mahalliy budjetlar ixtiyorida qoldirildi.

“Lekin, bu mavjud salohiyatimizdan ancha kam. Tan olish kerak — kundan-kunga o‘sayotgan iqtisodiyotimizning samarasi budjet daromadlarida to‘liq ko‘rinmayapti. Bu borada tadbirkorlarni ayblab bo‘lmaydi. Buning uchun soliq idoralari o‘z dunyoqarashini o‘zgartirishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Soliq tushumlarining 60%ini Yirik soliq to‘lovchilar inspeksiyasi elektron tizim orqali joyiga chiqmasdan undirayotgani, lekin viloyat va tuman soliq xodimlari xotirjam bo‘lib o‘tirgani tanqid qilindi.

Misol uchun, bugungi kunda daromad solig‘i to‘layotgan korxonalar soni 425 mingtani tashkil qilib, yil boshiga nisbatan 9%ga kamaygan.

Ayniqsa, bunday korxonalar Xorazm va Qoraqalpog‘istonda 20%ga, Toshkent viloyatida 14%, Buxoro, Samarqand va Namangan viloyatlarida 12%ga kamaygan.

Yoki, joriy yilning besh oyida 40 ta tumanda tadbirkorlar daromadi deyarli o‘zgarmagan, ayrimlarida tushib ketgan.

Shu sabab, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Ulug‘nor, Olot, Paxtakor, Namangan, Mingbuloq, Chust, Koson, Muborak, Dehqonobod, Urgut, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Muzrabot, Xiva, Xonqa, Kitob tumanlari hamda Buxoro, Kogon, Samarqand, Angren, Bekobod, Olmaliq, Nurafshon, Urganch shaharlari, jami 26 ta soliq idoralari rahbarlarini ishdan olishga qaror qilindi.


Soliq sohasida nazorat kuchaytiriladi

2022-yilda tadbirkorlar tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar hajmi 320 mlrd so‘mga oshib, 4,4 trln so‘m bo‘lgan.

“Afsuski, soliq xodimlari o‘rtasida korrupsiyaviy jinoyatlar soni yildan-yilga ko‘paymoqda”, — dedi prezident.

Bosh Prokuratura huzuridagi Departament nazoratni susaytirib yuborgani tanqid qilinib, unga soliqchilar tomonidan ortiqcha to‘lovlar undirish, ularni vaqtida qaytarmaslik, tekshirishdagi soxtakorlik kabi qonun buzilishlarni oldini olish bo‘yicha amaliy tizim yaratish topshirildi.

Shuningdek, budjet tushumlarini ta’minlash va tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun Andijon va Sirdaryo viloyatlari soliq boshliqlari hamda Soliq qo‘mitasining yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi lavozimidan ozod etildi.

Quyidagilarga esa hayfsan e’lon qilishga ko‘rsatma berildi:

  • Iqtisodiyot va moliya vazirining soliqqa mas’ul o‘rinbosari D.Sultonov;
  • Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari M.Mirzayev, J.Abdiyev, S.Eshmatov, M.Mahkamov;
  • Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i.

Prezident joylarda soliq bazasini kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlarni sanab o‘tdi.

Masalan, 14 ta tumanda o‘tkazilgan o‘rganishlarda jami 4 150 ta bo‘sh bino va 850 gektar bo‘sh yer maydonlari aniqlandi.

Past quvvatda ishlayotgan 6 650 ta korxonada qo‘shimcha 1,5 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 30 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish hisob-kitob qilindi. Bir hafta ichida 14 ta tumandagi 766 ta mahallada 15 trln so‘mlik 30 mingga yaqin kichik loyiha takliflari shakllantirildi.

Bu loyihalarga kredit, soliq, infratuzilma masalalari hal qilib berilsa, 170 ming ish o‘rni yaratiladi, yiliga 12 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi hamda budjetga qo‘shimcha 560 mlrd so‘m tushum ta’minlanadi.

Jumladan, Bo‘ka tumanida past quvvatda ishlayotgan 440 ta korxona xom ashyo, 26 mlrd so‘m aylanma mablag‘ va mahsuloti uchun bozor topib berilsa, qo‘shimcha 2,5 ming aholini band qilish mumkin.

Aniqlangan loyihalar ishga tushsa, Bo‘kada budjetga qo‘shimcha 30 mlrd so‘m tushumni ta’minlash mumkin bo‘ladi. Bu — tumanda budjetga yillik tushumlarni 1,5 karra ko‘paytirish, degani. Tumanda bandlik masalasi to‘liq hal bo‘lib, “ishsizlikdan holi hudud"ga aylanadi.

Xorijdagi 5 mingdan ziyod migratsiyada yurgan o‘zbekistonliklarning qaytishi uchun muhit yaratiladi.


Tadbirkor muammosini hal qilishga alohida soliqchi mas’ul bo‘ladi

Har bir tadbirkorning muammosini hal qilishga alohida soliqchi mas’ul bo‘lishi belgilandi. Bunda, yillik aylanmasi:

  • 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan mikro biznes vakillari bilan mahalladagi soliq xodimlari;
  • 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kichik tadbirkorlar bilan tuman soliq rahbari va uning o‘rinbosarlari;
  • 100 mlrd so‘mgacha bo‘lgan o‘rta biznes korxonalari bilan viloyat soliq rahbari va uning o‘rinbosarlari;
  • 100 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan yirik korxonalar bilan esa Soliq qo‘mitasi o‘rinbosarlari shaxsan ishlab, ularning muammolarini hal qilib boradi.

1-sentabrdan tadbirkorlar yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisobot topshirmaydi. Bu ishlar bilan mahallaga biriktirilgan soliqchilar shug‘ullanadi.

Kelgusi yildan esa kichik biznes vakillari va fermerlarning hisobotini soliq idoralari elektron shaklda yuritadigan tizim yaratiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasiga soliq idoralarini korrupsiyadan holi tuzilmaga aylantirish, xodimlarining ma’naviy-axloqiy qiyofasini yaxshilash bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.


16 ta tuman va shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari lavozimidan olindi

Yig‘ilishda ko‘plab sharoitlar yaratib berilganiga qaramasdan, Bekobod, Bo‘ka, Qo‘shko‘pir, Shahrixon, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy, Mirzaobod, Bog‘ot, Ulug‘nor, Xo‘jayli va Shumanay tumanlarida kambag‘allik darajasi yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi.

Tadbirkorlik sohasida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha Mirzacho‘l, Do‘stlik, To‘raqo‘rg‘on tumanlari va Namangan shahrida ishlar sust tashkil etilgan.

Shu sabab Bekobod, Bo‘ka, Qo‘shko‘pir, Shahrixon, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy, Mirzaobod, Bog‘ot, Ulug‘nor, Xo‘jayli, Shumanay, Mirzacho‘l, Do‘stlik, To‘raqo‘rg‘on tumanlari va Namangan shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etildi.

“Biz mahalladagi ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, biznesini boshlashi uchun har yili o‘nlab trillion so‘mlik kredit va subsidiyalar ajratayapmiz. Lekin, ularning samaradorligini baholaydigan tizim yo‘q”, — dedi prezident.

Misol uchun, so‘nggi uch yilda 300 ming ishsiz aholi kasbga o‘qitilgan bo‘lsa-da, ularning atigi 45%i doimiy ish bilan ta’minlangan. Bu ishlarga qariyb 1 trln so‘m budjet mablag‘lari yo‘naltirilgan.

Shuningdek, jami 17 ta monomarkazda IT, agrotexnologiyalar, dizayner, elektron tijorat, logistika, reklama ishi, marketing kabi yuqori daromadli zamonaviy kasblarga, xorijiy tillarga o‘qitish ulushi 5%ga ham yetmaydi.


Marketpleyslar faoliyati tekshiriladi

Ajratilayotgan subsidiyalar egalariga yetib bormayotgani bo‘yicha ham aholida e’tirozlar ko‘pligi ta’kidlandi.

Mahalla raislari va hokim yordamchilari bandlik, yoshlar va ayollar jamg‘armalari orqali berilayotgan subsidiyalar, oilaviy kreditlar hisobidan mehnat qurollari va tadbirkorlik uchun zarur mahsulotlarni xarid qilish tizimidan norozi.

Mablag‘lar aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilmasdan, Mahallabay va Yoshlar agentliklari hamda Markaziy bankning “market pleyslari” orqali “tenderlarda g‘olib bo‘lgan ta’minotchilar"ga o‘tkazib beriladi.

Ya’ni, aholida tanlov yo‘q, agentlik yoki bankning elektron platformalaridagi sotuvchilar nimani qancha narxda taklif qilsa, aholi shuni olishga majbur. Taklif qilinayotgan mahsulot va xizmatlar esa bozordan 20−25% qimmat.

Bosh prokuratura, Hisob palatasiga imtiyozli mablag‘lar hisobidan aholiga mahsulot va xizmatlar taqdim qilayotgan “market pleyslar” faoliyati shaffofligini tekshirish topshirildi.


Tadbirkorlarga 1 trln so‘mlik soliq imtiyozlari beriladi

“20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi asosida hozirgacha 4,5 ming nafar tadbirkor 65 trln so‘mlik loyihani ishga tushirib, 400 ming aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha tashabbus bildirgan.

Ularga yaratilgan yangi sharoitlar hisobiga 1 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berish hisob-kitob qilingan.

Bundan tashqari, dasturga kirmagan, lekin 40 tadan 50 tagacha ish o‘rni yaratish imkoniyatiga ega yana 2 mingta tadbirkor bor. Shuningdek, 14 ta tajriba tumanida ushbu dasturda qatnashib, 50 ming aholini ish bilan ta’minlash tashabbusini bildirgan qo‘shimcha 725 nafar tadbirkor ham aniqlandi.

Tegishli vazirlar va viloyat hokimlariga ushbu loyihani yurgizib, 400 ming ishsiz aholining bandligini ta’minlash topshirildi. Yil yakuniga qadar dastur bilan 10 ming nafar tadbirkorni qamrab olish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, tadbirkorni ro‘yxatga olish, loyihasini shakllantirish, biznes-reja ishlab chiqishga ko‘maklashish, moliyaviy va huquqiy maslahat berish kabi xizmatlar bir joyda ko‘rsatilishi kerakligi qayd etildi.


“Kasanachilar maktabi” tashkil qilinadi

Bandlik kompleksi rahbarlariga viloyat hokimlari bilan birga 500 ming aholini kasanachilikka jalb qilish choralarini ko‘rish topshirildi.

“Kasanachilar maktabi” tashkil qilinishi, unda tadbirkor va kasanachilarga bepul konsalting xizmatlari ko‘rsatilib, o‘qitish va malakasini oshirish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Yil yakuniga qadar 200 ming aholi ro‘yxatini mahallabay tasdiqlab, yuqori daromadli kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitishga topshiriq berildi.

Bunda muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish, interer dizayneri, IT, elektron savdo, elektromobillarga xizmat ko‘rsatish kabi yuqori daromadli kasblarga o‘qitish ko‘lamini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda belgilab berilgan ishlarning tashkil etilishi orqali yil yakunigacha quyidagilarga erishish mumkinligi qayd etildi:

  • kambag‘allik darajasini 14%dan 12%ga tushirib, 200 mingga yaqin oilani kambag‘allikdan chiqarish;
  • 2 mln aholi bandligini ta’minlash;
  • 55 ming nafar o‘zini o‘zi band qilganlarni kichik biznesga olib kirish;
  • 5 mingta kichik korxona o‘rta tadbirkorlar toifasiga kirishi.

Garovsiz kreditlar miqdori oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va imtiyozli resurslarning yetib borishini osonlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, endilikda hokim yordamchilari o‘zini o‘zi band qilganlarning kichik va o‘rta biznesga o‘tishiga ko‘maklashadi.

Buning uchun Yaponiyaning Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti ekspertlari yordamida Yaponiya tajribasi asosida hududlarda biznes-inkubator va akseleratorlar tizimi joriy etiladi.

Xususan, salohiyatli tadbirkorlarga dastlabki aylanma mablag‘lari uchun “ulushdorlik” kapitali beriladi. Bu mutlaqo yangi moliyaviy manba bo‘lishi ta’kidlangan.

Bu ishlarni moliyalashtirish uchun Tadbirkorlik jamg‘armasi faoliyati ham tubdan o‘zgaradi va unga tadbirkorlarga ulushdor bo‘lib kirish vakolati beriladi.

Shuningdek, “mahalladagi yettilik” kafilligi bilan garovsiz beriladigan oilaviy tadbirkorlik kreditlari miqdori hozirgi 33 mln so‘mdan 100 mln so‘mga oshiriladi.

Ushbu mablag‘larning bir qismini naqd pul ko‘rinishida berishga ruxsat etiladi.


Ayrim bank rahbarlari lavozimidan ozod etildi

Hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, 2,5 mingta holatda 68 mlrd so‘m kreditlar maqsadsiz sarflangani aniqlangan.

Shundan kelib chiqib, davlat rahbari quyidagi bank rahbarlarini lavozimidan ozod etishni qayd etdi:

  • Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari Markaziy bank rahbarlari
  • Xalq bankining Namangan va Surxondaryo viloyatlari rahbarlari;
  • “Agrobank"ning Andijon va Farg‘ona viloyatlari rahbarlari;
  • “Mikrokreditbank"ning Toshkent viloyati rahbari.

Bundan tashqari, muddati o‘tgan qarzdorlik yuqori 15 ta tuman va shahar banklari rahbarlarini to‘liq yangilash masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etildi.

Yig‘ilishda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida muammoli kreditlar ulushi 19%dan 16%ga pasaygani, 6,5 mingdan ziyod mahallada muammoli qarzdorlik qolmagani ta’kidlandi. Lekin, haligacha qariyb 3 trln so‘mlik kreditlar qaytmagan.

Banklar kesimida eng ko‘p muammoli kreditlar Xalq banki, “Mikrokreditbank” va “Agrobank” hissasiga to‘g‘ri keladi.

Andijon, Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ishlar ahvoli qoniqarsiz ekanligi qayd etilgan.