Davlat aktivlarini sotish uchun xalqaro yoki mahalliy maslahatchini jalb qilishda eng yaxshi takliflarni tanlab olishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, xarid komissiyasini tashkil etish, uning faoliyat tartibi va vakolatlarini belgilash qayd etilgan.
Xarid komissiyasi hujjatlar, xususan, e’lon, texnik topshiriq, shartnoma loyihalari va boshqalarni kelishish va tasdiqlash bilan shug‘ullanadi. Tanlov ishtirokchilari takliflarining xarid hujjatlariga muvofiqligini baholaydi.
Shu bilan birga, komissiya xarid g‘olibini, zaxiradagi g‘olibni aniqlaydi yoki tanlovni amalga oshmagan deb topadi.
Tanlov hujjatlari tegishli tartibda ekspertizadan o‘tkazilgach komissiya tanlov o‘tkazilishi haqida Davaktiv agentligining rasmiy saytida (o‘tkazilishidan 15 kun oldin) e’lon joylashtiradi.
Shuningdek, tanlovni o‘tkazish natijalarini rasmiylashtirish bo‘yicha g‘olib shartnoma tuzishdan bosh tortganda zaxiradagi g‘olibga shartnoma tuzish va unga doir majburiyatlarni bajarish huquqi beriladi.
Agar zaxiradagi g‘olib aniqlanmagan yoki shartnoma tuzishdan bosh tortgan taqdirda yangi tanlov o‘tkaziladi.
Joriy yilning mart oyida prezident qarori bilan ommaviy savdolar orqali sotiladigan korxonalar ro‘yxati tasdiqlandi. Unda 1001 ta aksiya, 1046 ta ko‘chmas mulk hamda 40 ta IPO mavjud.
1-iyuldan aholiga davlat ko‘chmas mulkini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi berildi.
Shuningdek, 1-sentabrdan esa ko‘chmas mulk obyektlari va davlat ulushlari xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi hujjatlar DXM yoki Yagona portal orqali beriladi.
Avvalroq Markaziy bank rahbari nima uchun davlat banklarini xususiylashtirish kechiktirilayotganiga izoh bergandi.