Bir oyda xorijdan O‘zbekistonga jami $50,1 mlnlik 1988ta elektromobil olib kelingan.

Statistika agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yetti oyida mamlakatga 10 ta xorijiy davlatdan qiymati $217,1 mlnga teng 7 391ta elektromobil import qilgan.

Natijada ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 6 barobar (6084taga) oshgan.

Yanvar-iyul oylarida eng ko‘p elektromobil import qilingan davlatlar ichida Xitoy yetakchilik qilmoqda. Mamlakatdan 6 898ta elektromobil olib kelingan.

Iyul oyida bu mamlakatdan jami 1 942 ta elektromobil import qilingan. Natijada butun oy davomida xorijiy mamlakatlardan olib kelingan elektromobillarning jami 97,6%ini tashkil etdi.

Undan keyingi o‘rinlarda 376 ta elektromobil bilan Gonkong hamda 64 ta elektromobil bilan Germaniya turibdi.

Shuningdek, o‘tgan davrda Koreya (18 ta), BAA (16 ta) hamda AQSh (11 ta)dan ham elektromobillar import qilingan.

Joriy yilning olti oyida O‘zbekiston 10 ta xorijiy davlatdan qiymati $167 mlnlik 5 403 ta elektromobil import qilgandi.

Iyul oyida mamlakatda yengil elektromobillar savdosi 28,9%ga o‘sib, 2,7 mingta avtomobilni tashkil etdi. Eng ko‘p sotilgan elektromobillar Toshkent shahrida — 1,9 ming dona, Toshkent — 153 dona va Xorazm viloyatlarida — 117 dona qayd etildi.