Statistika agentligi elektromobillar importiga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston 10 ta xorijiy davlatdan qiymati $167 mlnlik 5 403 ta elektromobil import qilgan.

Natijada ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4289 taga yoki qariyb 5 barobarga oshgan.

Dastlabki 6 oyda eng ko‘p elektromobil import qilingan davlatlar qatorida yetakchilikni Xitoy egalladi. Bu davrda mamlakatdan 4 956 ta elektromobil olib kelingan.

Yanvar-may oyidagi statistika bilan solishtirganda, bir oyda mamlakatdan olib kelingan elektromobillar soni 1476 tani tashkil etadi.

Undan keyingi o‘rinlarda Gonkong (348 ta) hamda Germaniya (57 ta) turibdi.

Shuningdek, aholi BAA (16 ta), Koreya (12 ta) hamda AQSH (7 ta) dan ham elektromobillar xarid qilishgan.

Umuman, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari ham iyun oyida avtomobil bozorida elektromobillarga talab ortganini ko‘rsatdi.

Bir oyda jami 2,1 mingta elektromobil sotilgan bo‘lib, shundan 1,6 mingtasi poytaxt aholisining hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunda asosan birlamchi bozorga talab oshgan.

Yanvar oyida o‘zbekistonliklar xorijdan qiymati $13 mlnga teng 389 ta elektromobil xarid qilgandi.