O‘zbekistonga xorijiy sayyohlar oqimi o‘sishda davom etmoqda, deya xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.

Sakkiz oy davomida mamlakatga turistik maqsadlarda 9,1 mln nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 21,1% ga yoki 1,6 mln kishiga ko‘p.

Birgina avgust oyida qariyb 1,4 mln ta tashrif qayd etilib, bu oylik yangi rekord bo‘ldi.

Safarlar soni bo‘yicha Qirg‘iziston fuqarolari yetakchilik qilmoqda — 2,52 mln kishi. Shundan 347,2 ming nafari avgust oyida kelgan. Yillik o‘sish 16,6% ni tashkil etdi.

Ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston — 2,17 mln kishi (+22,7%). Ularning 316 ming nafari avgust oyida tashrif buyurgan. Kuchli uchlikdan Tojikiston ham joy oldi — 2,025 mln safar (+19,1%), shundan 296,4 mingi avgust oyiga to‘g‘ri keladi.

Rossiyalik sayyohlar soni 30% dan ko‘proqqa oshib, 867,7 ming nafarga yetdi. Shundan 156,9 ming nafari avgust oyida kelgan. Afg‘onistondan esa avgust oyida 48,4 ming, yil boshidan buyon 329,6 ming kishi tashrif buyurgan (+8,2%).

Xitoylik sayyohlar O‘zbekistonga 2,5 baravar ko‘proq kela boshladi. Sakkiz oyda Xitoyning 318,4 ming fuqarosi mamlakatga tashrif buyurdi, shundan 58,7 mingi avgust oyida kelgan.

Turkiyadan yana 130,1 ming sayyoh tashrif buyurdi (+15%). Sakkiz oy yakunlariga ko‘ra, Janubiy Koreyani ortda qoldirgan Germaniya kuchli o‘nlikni yakunladi — 32,24 ming kishi.

Yil boshidan buyon kuchli o‘nlikdagi ikki davlatdan kelgan sayyohlar soni kamaygan. Turkmanistondan 224,7 ming kishi (-7,7%), Hindistondan esa 39,53 ming kishi (-6,6%) tashrif buyurgan.

Turizm qo‘mitasi qator yo‘nalishlardan kelayotgan sayyohlar soni oshganini qayd etdi. Xitoydan tashqari, Malayziyadan keluvchilar 2 baravar, Yaponiyadan 1,5 baravar, AQShdan 1,4 baravar, Rossiyadan esa 1,3 baravar ko‘paygan. Germaniyadan O‘zbekistonga tashriflar 25% ga, Fransiya va Buyuk Britaniyadan esa 21% ga oshgan.

Sakkiz oyda turizm xizmatlari eksporti 53,5% ga oshib, $4,6 mlrd ga yetdi.

Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va turizm sohasidagi loyihalarga bag‘ishlangan aprel oyidagi taqdimotida joriy yil yakunigacha 12 mln nafar xorijiy sayyohni jalb qilish maqsadi belgilangan edi. 2030-yilgacha esa sayyohlar oqimini 20 mln nafarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.


Avvalroq Spot rossiyaliklar O‘zbekistonga ommaviy ravishda chipta sotib olishni boshlagani haqida yozgandi.

O‘zbekistondan keyin kuzgi mavsum chiptalar xaridi bo‘yicha Turkiya, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziya qayd etilgan.