2026-yil kuzida rossiyalik sayyohlar O‘zbekistonga aviachiptalarni ommaviy ravishda xarid qila boshladi. Bu haqda Lenta.ru Tutu sayohat servisi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
O‘zbekiston kuzgi aviachipta bronlari ulushi o‘sishi bo‘yicha yetakchiga aylandi — ko‘rsatkich 5,2 foiz punktga oshgan.
Ikkinchi o‘rinda Turkiya, undan keyingi o‘rinlarda Ozarbayjon, Armaniston va Gruziya qayd etilgan. Shu bilan birga, Belarus va Qozog‘istonga aviachiptalar bronlari ulushi kamaygan.
2026-yil kuzida mehmonxona to‘lovlari soni eng ko‘p Xitoyda oshgan — 4,2 foiz punktga. Ikkinchi o‘rinda O‘zbekiston 3,2 foiz punktlik o‘sish bilan qayd etilgan.
Biroq mehmonxona bronlari soni bo‘yicha, 2025-yildagidek, Belarus, Abxaziya va Turkiya yetakchilik qilmoqda.
Avvalroq dastlabki yetti oyda O‘zbekistonga xorijdan kelgan sayyohlar oqimi 22,6% ga oshgani haqida xabar berilgandi.
Ma‘lumotlarga ko‘ra, yanvar-iyul oylarida 7,749 mln nafar chet el fuqarosining tashrifi qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 mlnga ko‘pdir.
Sayohatlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni Qirg‘iziston saqlab qolmoqda. Yil boshidan buyon qo‘shni respublika fuqarolari 2,17 mln marta kelgan bo‘lib, shundan 301,7 mingtasi iyul oyi hissasiga to‘g‘ri keldi.
Ikkinchi o‘rinni 1,855 mln kishi bilan Qozog‘iston egalladi, bunda iyul oyidagi ko‘rsatkich Qirg‘izistonnikidan (301,8 ming) biroz oshgan. Kuchli uchlikni Tojikiston yakunlab bergan — 1,728 mln kishi, shundan 257,3 ming nafari o‘tgan oyda tashrif buyurgan.
Rossiyalik sayyohlar soni 710 mingdan oshdi, ularning 125 mingdan ortig‘i iyul oyi davomida kelgan. Yil boshidan buyon Afg‘onistondan yana 281,2 ming mehmon kelgan bo‘lsa, iyul oyida ularning soni 42,2 ming kishini tashkil etdi.
Avvalroq Spot Tailand 15-sentabrdan O‘zbekiston uchun vizasiz rejimni bekor qilishi haqida yozgandi.