Dastlabki yetti oyda O‘zbekistonga xorijdan kelgan sayyohlar oqimi 22,6% ga oshdi, deb xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, yanvar-iyul oylarida 7,749 mln nafar chet el fuqarosining tashrifi qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 mlnga ko‘pdir.

Sayohatlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni Qirg‘iziston saqlab qolmoqda. Yil boshidan buyon qo‘shni respublika fuqarolari 2,17 mln marta kelgan bo‘lib, shundan 301,7 mingtasi iyul oyi hissasiga to‘g‘ri keldi.

Ikkinchi o‘rinni 1,855 mln kishi bilan Qozog‘iston egalladi, bunda iyul oyidagi ko‘rsatkich Qirg‘izistonnikidan (301,8 ming) biroz oshgan. Kuchli uchlikni Tojikiston yakunlab bergan — 1,728 mln kishi, shundan 257,3 ming nafari o‘tgan oyda tashrif buyurgan.

Rossiyalik sayyohlar soni 710 mingdan oshdi, ularning 125 mingdan ortig‘i iyul oyi davomida kelgan. Yil boshidan buyon Afg‘onistondan yana 281,2 ming mehmon kelgan bo‘lsa, iyul oyida ularning soni 42,2 ming kishini tashkil etdi.

Xitoydan sayohatlar soni o‘sishda davom etmoqda — 269,7 ming kishi, shundan 46,2 ming nafari iyul oyida kelgan. Taqqoslash uchun, butun 2025-yil davomida O‘zbekistonga 278,9 ming nafar xitoylik sayyoh tashrif buyurgandi.

Keyingi o‘rinlarda 192,8 ming kishi bilan Turkmaniston va 111,9 ming kishi bilan Turkiya turibdi. To‘qqizinchi o‘rinda 32,4 ming sayohat bilan Hindiston joylashgan bo‘lsa, kuchli o‘ntalikni 26,5 ming kishi bilan Janubiy Koreya yakunlab berdi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda xorijga sayohat qiluvchilar uchun yangi kafolat tizimi joriy etilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.