O‘zbekistonda fuqarolarning xorijga sayohatlari xavfsizligini ta‘minlash va ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Tegishli hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, Turizm qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xavfsiz turizm jamg‘armasi tashkil etiladi.
Chiqish turizmi bilan shug‘ullanuvchi turoperatorlar litsenziya olishda jamg‘armaga kamida $50 ming ekvivalentidagi (hozirda $15 mingni tashkil etadi) mablag‘ni zaxira sifatida joylashtirishi talab etiladi.
Ushbu mablag‘ turistlarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda ularni vaqtincha joylashtirish, oziq-ovqat, transport, aloqa, evakuatsiya va repatriatsiya xarajatlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, har bir sotilgan turistik mahsulot uchun BHMning 0,15 baravari (hozirda 61,8 ming so‘m) miqdorida maqsadli kafolat yig‘imi joriy etiladi. Mazkur yig‘im turpaket narxi tarkibiga kiritiladi va turistdan alohida davlat boji yoki yig‘im sifatida undirilmaydi.
Loyiha bilan turkod tizimi ham joriy etiladi. Turistik mahsulot bo‘yicha kafolat yig‘imi to‘langandan keyingina shakllantiriladigan ushbu noyob elektron identifikator turist, turoperator va turagent, safar yo‘nalishi, transport, joylashtirish, sug‘urta hamda favqulodda vaziyatlarda bog‘lanish ma‘lumotlarini o‘z ichiga oladi.
Turistik kod xizmat ko‘rsatish shartnomasi, vaucher va boshqa elektron hujjatlarga kiritiladi.
Shuningdek, xorijiy turoperatorlar O‘zbekiston fuqarolariga turpaketlarni faqat mahalliy litsenziyaga ega turoperator bilan tuzilgan shartnoma asosida yoki O‘zbekistonda litsenziya olgan o‘z yuridik shaxsi orqali sotishi mumkin bo‘ladi.
Turagentlarga esa xorijiy turoperator mahsulotlarini mahalliy turoperator ishtirokisiz, jumladan ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar va onlayn platformalar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri realizatsiya qilish taqiqlanadi.
Loyihada turistlar chet elda qolib ketgan, qaytish chiptasi bekor qilingan, mehmonxona yoki transfer to‘lanmagan, turoperator bankrot bo‘lgan yoki boshqa favqulodda holatlar yuzaga kelgan taqdirda ularni evakuatsiya qilish va O‘zbekistonga qaytarish xarajatlarini qoplash mexanizmi ham nazarda tutilgan.
Turizm qo‘mitasiga olti oy ichida amaldagi litsenziyalarni yangi talablarga moslashtirish, Milliy turizm platformasida turkod va kafolat yig‘imini yuritish mexanizmlarini ishlab chiqish hamda turistlarni favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tartibi bo‘yicha majburiy ravishda xabardor qilish vazifasi yuklanmoqda.
Hujjat qabul qilinsa, u rasmiy e‘lon qilinganidan uch oy o‘tib kuchga kiradi.
Spot, avvalroq, prezident investorlarni tarixiy shaharlardan boshqa hududlarda ham turizm loyihalariga sarmoya kiritishga chaqirgani haqida yozgandi.