Joriy yilning sakkiz oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 5,8% dan 3,9% gacha kamaydi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

2026-yil uchun 1,1 mln kishini yoki 263 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish hamda kambag‘allik darajasini 5,8% gacha qisqartirish vazifasi belgilangan edi. Sakkiz oy davomida ijtimoiy reyestrga kiritilgan 515 ming oila uchun individual rejalar ishlab chiqildi.

Ushbu rejalar doirasida 390 ming kam ta’minlangan oilaga daromadlarini oshirishga qaratilgan bandlik sohasidagi 554 mingta xizmat ko‘rsatildi. 160 mingdan ortiq fuqaro ishga joylashtirildi, 67 ming kishi imtiyozli kredit va subsidiyalar oldi, 304 ming kishi tadbirkorlikka jalb qilindi, yana 22 ming kishi kasb-hunarga o‘qitildi.

Hokim yordamchilari tomonidan qariyb 55 mingta mikroloyiha ishga tushirildi. Ular orqali 164 ming kishining daromadi oshirildi. Kam ta’minlangan oilalarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun 700 mlrd so‘mlik kredit hamda 77 mlrd so‘mlik ssuda va subsidiyalar ajratildi.

1800 dan ortiq kam ta’minlangan oilaga ko‘chatxonalar tashkil etish va dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun o‘rmon fondining 1,4 ming gektar yeri ijaraga berildi. Vazirlik qayd etishicha, bu oilalarga o‘z mehnati orqali daromad olish imkoniyati yaratildi.

Kam ta’minlangan oilalar farzandlariga ham alohida e’tibor qaratildi. 125 ming nafar bola qo‘shimcha to‘garaklarga jalb qilindi va buning uchun budjetdan qariyb 130 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Yana qariyb 50 ming bola IT, xorijiy tillar, elektron tijorat, SMM va grafik dizayn yo‘nalishlarida bepul ta’lim oldi.

Germaniya tashkilotlari bilan hamkorlikda og‘ir sharoitdagi 37 ta tumandagi 89 ta texnikumda qariyb 1600 nafar o‘quvchi tadbirkorlik yo‘nalishida tahsil olishni boshladi.

Tibbiy yordam doirasida ijtimoiy reyestrga kiritilgan 351 ming fuqaro davolandi. Qariyb 8,5 ming kishi jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, tiklangach mehnat bozoriga chiqarildi.

33 ta tuman va 330 ta mahallada, shuningdek, og‘ir sharoitdagi 37 ta tuman va 915 ta mahallada infratuzilmani yaxshilash uchun jami 7,7 trln so‘m yo‘naltirildi. Mablag‘lar ichimlik suvi, elektr ta’minoti, yo‘llar, ijtimoiy obyektlar va boshqa infratuzilmani yaxshilashga sarflanadi.

Natijada 49 ta tuman va 3500 ta mahalla kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirildi. Shu bilan birga, yil oxirigacha qo‘shimcha vazifalar belgilandi: 350 ming kishini ishga joylashtirish, yana 1 mln kishining daromadini oshirish va 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish.

Buning uchun aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan yangi diagnostika tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, avvalo, muayyan fuqaroning ishsizligi yoki kambag‘alligi sabablari aniqlanadi, so‘ng tegishli yechim belgilanadi.

Tizim bir necha bosqichda ishlaydi. Dastlab hokim yordamchisi xonadonma-xonadon yurib, vaziyatni o‘rganadi va ma’lumotlarni “Onlayn-mahalla” platformasiga kiritadi. Keyin ishsizlik yoki kambag‘allik sabablari aniqlanib, individual reja tuziladi. Shundan so‘ng sun’iy intellekt yordamida fuqarolar toifalarga ajratilib, mahalla “yettiligi"ning tegishli xodimiga biriktiriladi. Individual reja mahalla “yettiligi” tomonidan jamoaviy tasdiqlanadi va har chorakda yangilanadi.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida hokimiyat oilalar bilan individual ishlashni, daromad manbalarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, inson kapitalini oshirish va muammoli hududlarni kompleks rivojlantirishni davom ettiradi.

“Bizning asosiy maqsadimiz kambag‘allikni vaqtincha qisqartirish emas, balki oilani barqaror daromadga olib chiqish, uning yana kambag‘allik holatiga tushib qolishining oldini olish va eng muhimi, aholi farovonligini ta’minlashdir”, — deya ta’kidladi Bandlik vazirligi.


Avvalroq Bandlik vaziri yil oxirigacha O‘zbekiston kambag‘allik va ishsizlikdan xoli bo‘lishi mumkinligi haqida aytgandi.