Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi iyun oyi bo‘yicha O‘zbekiston avtomobil bozorini tahlil qildi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston avtomobil bozorida 718,2 mingta avtomobil sotilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11%ga oshdi.

Ikkinchi chorakda jami 372 mingta avtomobil savdosi amalga oshirilib, 14% o‘sish kuzatilgan.

Umuman olganda, iyun oyida mamlakatda sotilgan avtomobillar soni 123 mingtani tashkil etadi. Natijada may oyiga nisbatan 21%ga sezilarli pasaygan.

O‘tgan oyda sotilgan yengil avtomobillar soni 110,5 mingtani tashkil etib, bir oyda 21,6%ga kamayish kuzatildi.

Hududlar bo‘yicha yengil avtomobil savdosining pasayishi Sirdaryo (36%), Buxoro (34%) viloyatlari va Toshkentda (34%) qayd etilgan.

Shu bilan birga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sotuvlar 0,9%ga oshdi.

Birlamchi avtomobil bozori. Bir oy davomida birlamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi 17,5%ga kamaydi. Biroq o‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan 8,4% o‘sish qayd etilgan.

avtomobil bozori, elektromobillar, cerr, birlamchi bozor, ikkilamchi bozor

Yangi mahalliy yengil avtomobillar savdosi deyarli 24 mingni tashkil etdi va may oyiga nisbatan 20%ga kamaydi.

Yengil avtomobillar bozori. Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosida o‘sish bor. Xususan, bu davrda 3,7 mingta yangi yengil avtomobil sotilib, ko‘rsatkich 14%ga o‘sgan.

Ikkilamchi avtomobil bozoridagi vaziyat. Iyun oyida yengil avtomobillarning ikkilamchi avtomobil bozori ham sotuvlarning pasayishi bilan ajralib turdi.

Oy davomida deyarli 83 mingta yengil avtomobil sotilib, may oyiga nisbatan 23%ga kamaydi.

Elektromobillar bozori

Joriy yilning birinchi yarmida elektromobillar savdosi 7,6 mingtani tashkil etdi. Yillik o‘sish esa 1,7 baravar ko‘paygan.

Shu bilan birga, ikkinchi chorakda 5,4 mingta elektromobil sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 2 baravar ko‘p.

Iyun oyida yengil elektromobillar savdosi o‘sishni qayd etdi — 8,7%. Bir oyda jami 2,1 mingta yengil elektromobil sotilgan.

avtomobil bozori, elektromobillar, cerr, birlamchi bozor, ikkilamchi bozor

Toshkent shahri elektromobillar savdosi bo‘yicha yetakchilik qolmoqda — 1,6 mingta. Undan keyingi o‘rinlarda esa Toshkent (105 dona) va Farg‘ona (102 dona) viloyatlari turibdi.

Elektromobillarning birlamchi bozori bir oy davomida 14%ga o‘sdi. Ikkilamchi bozorda esa sotuvlar iyun oyida 8,5%ga kamaydi.


Avvalroq Jizzaxda Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum bo‘lgandi.

Viloyatda tashkil etilishi belgilangan avtomobilsozlik klasteriga $700 mln yo‘naltiriladi. Shundan $130 mlni elektromobillar ishlab chiqarish uchun ajratilib, kelgusida quvvati 300 ming donaga yetkaziladi.