“Spot” xodimlari uchun eng qulay sharoitlarni yaratib beradigan turli kompaniyalarning ish joylari haqida turkum materiallarni davom ettiradi. Avvalgi materiallarimizda “Humans”, “TBC”, “CLICK” hamda “Expres24” ofislari bilan tanishgandik.

Bu safar “EPAM” ofisiga tashrif buyurdik. U 1993-yilda belaruslik Arkadiy Dobkin va Leonid Lozner tomonidan asos solingan xalqaro IT-kompaniya. Bugungi kunda “EPAM"ning 50dan ortiq mamlakatlardagi ofislarida 55 mingdan ziyod xodim faoliyat yuritadi. O‘tgan yili global daromad $4,8 mlrddan oshdi.

“EPAM” O‘zbekistonda 2019-yilning aprel oyida besh kishidan iborat jamoa bilan ochilgan. O‘sha paytda ofis “Oybek” ko‘chasida joylashgan edi. Xodimlar soni 40 kishidan oshgach, qo‘shimcha ofis ochishga qaror qilingan.

Ayni paytda kompaniyaning ikkita ofisida 700dan ortiq xodim ishlaydi. Ikkinchi — kompaniyaning bosh ofisi “Mahtumquli” ko‘chasidagi “IT Park” majmuasidagi binolardan birida uch qavatda joylashdi.

Xodimlarning beshdan bir qismi ish joyidan doimiy ravishda ishlaydi, qolganlari masofadan turib, o‘z xohishiga ko‘ra yoki muayyan muammolarni hal qilish maqsadida maxsus tizim orqali ish joyini oldindan band qilib, ofisga keladi.

“EPAM Uzbekistan” bosh direktori Renat Axtyamov kompaniya korporativ madaniyati, mehnat va rivojlanish shartlari, ijtimoiy yo‘naltirilgan tashabbuslar va muhandislik DNKsi haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.


Ofis qanday tashkil etilgan?

“EPAM” ofislari tun-u kun — 24 soat davomida ishlaydi. Kompaniyada zaxira quvvat manbai mavjud bo‘lib, elektr ta’minotidagi uzilishlarda ham hamma narsa ishlashda davom etadi.

Interyer dizayni ustida “EPAM” jamoasi ishlagan. Umuman olganda, kompaniyaning butun dunyo bo‘ylab ofislarida interyerga milliy xususiyatlarni qo‘shgan holda yagona uslubni shakllantiradi. O‘zbekistonda bular — manzarali mozaikalar, gumbaz shaklidagi abajurlar va mintaqaga xos bo‘lgan boshqa madaniy elementlar.

O‘zbekistonda ofisni ta’mirlashga Yevropada ofisni jihozlashga ketgan mablag‘dan kam ketmagan.

Ofis open space (ochiq maydon) uslubida yaratilgan: yorqin, keng, yashil o‘simliklar ko‘p. Yorqin milliy bezaklar va sovet postmodernizmining mahoratli elementlari bunday lakonik dizaynga ideal tarzda birlashtirilgan.

Har bir qavatda mobil ilova orqali ochiladigan/yopiladigan “aqlli shkaflar” mavjud.

Shuningdek, har bir qavatda muzlatgich, idish yuvish va qahva mashinalari, mikroto‘lqinli pechlar bilan jihozlangan katta oshxona mavjud. Ofis 5−7-qavatlarda joylashganligi sabab shaharning go‘zal manzarasidan bahramand bo‘lib, ovqatlanish mumkin.

epam, ofislar

Yakka yoki jamoa tarzida ishlash imkoniyatiga ega ko‘plab xonalar va qulay joylar mavjud.

O‘yin-kulgi uchun turnikda tortinish, dart yoki stol futboli o‘ynash, shuningdek, maxsus xonada meditatsiya qilish mumkin.

Bundan tashqari, ofisda dush ham bor. Ular nafaqat sport anjomlaridan foydalanadiganlar, balki ofisga velosipedda kelgan xodimlar uchun ham kerak.

epam, ofislar

“EPAM” ham kuchli ijtimoiy mas’uliyat madaniyatiga ega. Bu yerda nafaqat alohida chiqindi, balki xayriya qutilari ham mavjud bo‘lib, u yerga xodimlar ularga boshqa kerak bo‘lmaydigan, ammo muhtoj odamlarga foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan buyumlar, kitoblar, maishiy texnikalarni olib kelishadi. Biz batareyalarni utilizatsiya qilish haqida ham o‘ylab ko‘rganmiz, lekin hali buni amalga oshira oladigan kompaniya topilmadi.

Iyul oyida “Plastic Free July” bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida bir nechta vazifalarni bajarish kerak edi hamda bu vazifalarni tugatganlar, sovg‘aga ega bo‘lishdi. Xodimlar, shuningdek, chiqindi yig‘ish va atrofni tozalash uchun tabiatga chiqishdi.

Ofisga yiliga bir marta jihozlangan mashina keladi, xodimlar o‘z xohishlari bilan qon bankiga qon topshirishadi.

Shuningdek, kompaniya bolalarga ko‘ngilli ravishda dasturlashni o‘rgatish dasturini ishga tushirdi. Xodimlar bolalarga dasturlash va robototexnikadan dars berishdi. Natijada biz ushbu dasturni kengaytirib, Toshkent shahridagi maktablarda bir necha kurslar o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldik. Al-Xorazmiy, Prezident maktabi va bir qancha umumta’lim maktablarida bir necha bor tashkillashtirdik.

Biz bozorda IT-hamjamiyatini faol qo‘llab-quvvatlaymiz. Bularning barchasi ITni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bo‘lib, xodimlar tomonidan bepul amalga oshiriladi.

Ish grafigi

Yaqinda kompaniya 4 kunlik ish haftasi masalasini ko‘rib chiqdi. Biroq, biz buni hali amalga oshirish mumkin emas degan xulosaga keldik.

Biz hamkorlarning servislariga xizmat ko‘rsatadigan kompaniya sifatida ularning jadvaliga e’tibor qaratamiz. Agar 4 kunlik ish haftasiga o‘tish global tendensiyasi keng tarqalsa, biz katta ehtimol bilan xodimlarimizga xuddi shunday ish grafigini taqdim etamiz.

Biz uchun xodim qaysi vaqtda ishni yakunlashi muhim emas, asosiysi — natija. Shuning uchun ham har bir e’tibor loyiha va jadvalga qaratiladi.

Kompaniyadagi har bir kishining ustozi — resurs menejeri bor, shuningdek, loyihalarda ish sifati uchun standartlar belgilangan. Resurs menejeri ishning o‘z vaqtida bajarilishini nazorat qiladi, maslahat beradi va karyeradagi o‘sish imkoniyatlarini ochib beradi, kompaniyada xodimlarning rivojlanishi va qoniqish darajasini nazorat qiladi.

epam, ofislar

Salbiy tashqi omillar (masalan, elektr ta’minoti uzilishi) bo‘lsa, biz ichki aloqa kanallari orqali xodimlarni bunday vaziyatlarga qanday tayyorlanish (noutbukni zaryadlangan holda saqlash, poverbankni quvvatlash va hokazo) haqida ogohlantiramiz.

Rag‘batlantirish dasturi

Imtiyozlar dasturi kompaniya xodimlariga turli xil xizmatlar bo‘yicha chegirmalarni olish imkonini beradi: sport, tibbiyot, ta’lim (o‘quv markazlari), go‘zallik, psixologiya, ovqatlanish va hokazo.

Bu bilan “People” jamoasi shug‘ullanadi, lekin har bir xodim umumiy ro‘yxatga kiritiladigan qiymat taklifini keltirishi mumkin. Xuddi shu dastur doirasida xodimlar va ularning oila a’zolari tibbiy sug‘urta olishlari mumkin.

Biz bolalar bilan o‘tkaziladigan vaqtni qimmatli deb hisoblaymiz, shuning uchun ular bilan vaqtni sifatli tashkil etishga yordam berishga harakat qilamiz. Masalan, yaqinda dam olish kunida mikroto‘lqinli pechda keks pishirish, zargarlik buyumlari, origami yaratish, kiberxavfsizlik bo‘yicha dars kabilar bo‘yicha mahorat darslarini o‘tkazdik.

Xodimlarga qonunchilikka muvofiq ta’til beriladi — 21 kalendar kun. Uch yildan ortiq ishlaganlar uchun qo‘shimcha ikki kun beriladi. Bundan tashqari, kompaniyada “sick leave” mavjud bo‘lib, bunda kasallik ta’tilini rasmiylashtirmagan holda yiliga to‘rt kun kasallik sabab ishga chiqmaslikka ruhsat beriladi. Ular yilning birinchi yarmida ikki kun, ikkinchisida ikki kun olishlari yoki bir necha soatga bo‘lib foydalanishlari mumkin.

O‘z-o‘zini rivojlantirish imkoniyatlari

Kompaniyaning “Learning and Development” jamoasi xodimlar uchun rivojlanish dasturlarini yaratadi. Hozirgi kunda juda ko‘p sonli kurslar mavjud bo‘lib, ularning ba’zilari xodimlar uchun majburiydir, masalan, har bir yangi xodim ishga qabul qilinganda, kompaniya madaniyati, qarashlari, faoliyati, missiyasi va vazifalari bilan tanishadi.

Bundan tashqari, har bir muhandis ishga qabul qilinganda o‘tadigan “Engineering Excellence” dasturi mavjud.

epam, ofislar

Har bir EPAMer “soft skills"dan boshlanib, “hard skills"da yakunlanadigan, til va san’at hamda dizayn dasturlariga qadar o‘z-o‘zini o‘qitish kurslarida ishtirok etish imkoniyatiga ega. Ta’lim onlayn formatda o‘tkaziladi.

OTM shartnomasini qoplashga kreditlar ajratish individual tarzda hal qilinadi. Bularning barchasi xodimning yetukligiga bog‘liq. Agar u o‘qish va mehnatni birlashtirib borishga tayyor va qodir bo‘lsa, bu mumkin. Agarda u mehnat intizomini buzsa, yig‘ilishlarni o‘tkazib yuborsa va boshqa holatlarda, ehtimol u hatto xodimga ham aylanmaydi.

Shuningdek, bizda “EPAM Campus” talabalari bilan ishlaydigan bo‘lim mavjud. O‘quv jarayonidagi iqtidorli talabalarga ham e’tibor qaratamiz. Mashg‘ulotlar davomida yaxshi natija ko‘rsatayotgan yoshlar bo‘lsa, ularga ertaroq ish taklif qilinishi mumkin.

Karyera o‘sishi

Kompaniya o‘z xodimlarining o‘sishi va rivojlanishidan juda manfaatdor. Korxonada unvonli, yetuk seniorlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, biz shunchalik ko‘p o‘sish va yosh mutaxassislarni ishga olish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Agar xodim 2−4 yil davomida junior lavozimida ishlagan bo‘lsa, bu tashvishli ko‘rsatkichdir. Junior bosqichdan middle darajaga o‘tish o‘rtacha bir yil davom etadi. Bularning barchasi xodimning intilishlari, dastlabki ko‘nikmalari va xohishlariga bog‘liq. 1−1,5 yil ichida senior bo‘lish mumkin. Bu darajadan boshlab xodim menejer lavozimini ko‘rib chiqishi mumkin.

Amaliyotimizda bir yil ichida xodimlarning juniordan seniorga o‘tib ketish holatlari mavjud. Bu muhandislik tajribasiga ega bo‘lgan xodimlar edi.

Muhandis shunchaki kod yozadigan emas, balki tizim qanday qurilganligini tushunadigan odamdir. Ko‘p narsa fizika, matematika va koinotning tuzilish tamoyillari bilan bog‘liq. Agar biror kishi akademik fanlar bo‘yicha fundamental bilimga ega bo‘lsa, bu tezroq rivojlanishi va yuksalishiga yordam beradi.

Hozir korxonada middle va senior mutaxassislar juda ko‘p.

epam, ofislar

Korporativ madaniyat

Korporativ madaniyat — ko‘p qirrali tushuncha, ayniqsa, xalqaro kompaniyada. “EPAM” dunyoning 50ta mamlakatida taqdim etilgan, har bir mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlari borligini hisobga olish kerak. Shu sabab ham korporativ madaniyat mahalliy xususiyatlarga bog‘liq bo‘lmagan universal tamoyillarga asoslanadi.

Uning asosi uzluksiz o‘rganishdir. Bozorda 30 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat yuritib kelyapmiz va bu tamoyil bizga ko‘p yillar davomida raqobatbardosh bo‘lishga yordam beradi. Ma’lumki, IT tez o‘zgaruvchan va rivojlanayotgan sohadir. Bunda, to‘rt yil oldin mavjud bo‘lgan bilimlar bugunga kelib, allaqachon eskirgan bo‘ladi.

Faoliyatimiz davomida kompaniyaning asosiy qiymati — “muhandislik DNKsi” tushunchasi shakllandi. Kompaniyada 60 mingdan ortiq xodim ishlayotganiga qaramay, moslashuvchan, faol va rivojlanishga intilish maqsadida startap ruhini saqlab qolishga harakat qilamiz.

Shuningdek, ishga qabul qilishda kompaniyalar nomzodning qadriyatlari kompaniya qadriyatlariga mos kelishiga e’tibor berishadi. Mana asosiylari:

  1. Individuallikni qadrlaymiz. Odamlarimizni muvaffaqiyatimiz manbai sifatida qabul qilamiz. Biz mikromenejment bilan shug‘ullanmaymiz va natijalar asosida baholaymiz. Maqsadli va faol xodimlarning malakasini oshirish uchun cheksiz imkoniyatlarni taqdim etamiz. Odamlarni o‘sishga undaymiz va rag‘batlantiramiz. Xatolarga toqat qilamiz, chunki biz xatolardan xulosa qilishimizni bilamiz.
  2. Mijozga e’tibor qaratamiz. Sifat va yuqori qiymatni ta’minlash orqali mijozlar bilan uzoq muddatli munosabatlar o‘rnatamiz. Har doim mijozlarimizning biznes va ehtiyojlarini tushunishga intilamiz. Ular bilan munosabatlarimizda sezgir, mas’uliyatli, to‘g‘ri va halolmiz.
  3. Jamoa bo‘lib harakat qilamiz. Bir-birimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lamiz va ochiq muloqot qilamiz. Kompaniyamizning istalgan nuqtasidan bildiriladigan eng yaxshi g‘oyalarni to‘playmiz. Boshqalar bilan uzluksiz hamkorlik qilamiz va xilma-xilligimizni qadrlaymiz.
  4. Mukammallikka intilamiz. Uzluksiz o‘rganish, rivojlanish, innovatsiyalar va takomillashtirish orqali mukammallikning eng yuqori standartlariga erishishga intilamiz. Shuningdek, muhandislarimiz va yutuqlarimiz bilan faxrlanamiz.
  5. Halol harakat qilamiz. Qonuniy, halol va axloqan ishlaymiz. Biz murosasiz halollik bilan biznes yuritishga intilamiz. Harakatlarimiz uchun javobgarlikni o‘z zimmamizga olamiz.