Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida nutq so‘zlab, unda global miqyosda turizmni riovjlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

“O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy sayyohlar soni 2 baravarga ko‘paydi. Turizm eskportidan tushayotgan daromad 4 baravarga o‘sdi” — prezident nutqi avvalida.

Joriy yilda sayyohlar soni Yaponiyadan 4 baravarga, Hindiston va Italiyadan 3,5 baravarga, AQShdan 2 baravarga ortgan. Hiisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda mamlakatga 7 mln sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatichni 2030-yilga borib 15 mlnga, ichki turizm oqimini esa 25 mlnga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari turizmni kompleks rivojlantirish bo‘yicha 2030-yilgacha bo‘lgan strategiya ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Bu borada, asosiy yo‘nalish sifatida turizm va transport infratuzilmasini yaratishga ahamiyat qaratilmoqda.

Toshkent-Samarqand va Navoiy-Buxoro yo‘nalishlari uchun 6ta tez yurar poyezdlar olib kelinadi. 600 km qo‘shimcha temir yo‘llar quriladi. 2025-yildan Toshkent-Xiva tez yurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. 2026-yilda esa bu yo‘nalish Nukus shahrigacha uzaytiriladi.

2030-yilgacha 56ta yangi avialaynerlar olib kelinib, aviaparkdagi samolyotlar soni 100taga yetkaziladi. Aviaqatnovlar soni 4 baravarga oshiriladi. Barcha aeroportlarda “ochiq osmon” rejimi joriy qilinadi. Hududlardagi 6ta aeroport xususiy-sheriklik asosida yangilanmoqda.

Shuningdek, katta shahar va sayyohlar ko‘p boradigan 30ta turizm klasteri tashkil etiladi.

“Mintaqamiz davlatlari bilan qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish, Markaziy Osiyoda transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish, jumlada, „Bir tur — butun mintaqa“ dasturini oshirish diqqatimiz markazida bo‘lmoqda”, — dedi prezident.

Tibbiy, ekologik, gastronomik, etno, ekstremal va boshqa turizm yo‘naltishlarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hisobidan kelgusida kamida 1 mln yangi ish o‘rni yaratilishi maqsad qilingan.

Hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar

Birinchidan, turistlarning kafolatlangan xavfsiz tizimini ta’minlash. Hozirgi murakkab vaziyatni inobatga olgan holda xalqaro turizm sohasida mustahkam huquqiy asoslarini kuchaytirish maqsadida BMT doirasida global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish.

Ikkinchidan, iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib borayotgan davrda “yashil” turizmni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro Harakatlar dasturini qabul qilish.

Shuningdek, Tashkilotimizning “Yashil” turizmni joriy etish bo‘yicha eng yaxshi shahar" nominatsiyasini ta’sis etish.

“Tashkilot ko‘magida yaqinda ish boshlagan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti hamda Samarqanddagi „Ipak yo‘li“ xalqaro universiteti hamkorligida Global „yashil“ turizm startaplari laboratoriyasini yaratmoqchimiz”, — dedi prezident.

Davlat rahbari mamlakat eng yaxshi innovatsion yechimlarni yaratish maqsadida grant mablag‘larini ajratishga tayyorligini bildirib, barcha a’zo davlatlar va xalqaro tashkilotlarni bu loyihaga qo‘shilishga taklif etdi.

Uchinchidan, 2025-yilni “Butun jahon inklyuziv turizm yili” deb e’lon qilish va maxsus deklaratsiya qabul qilish.

Bu imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni kuchaytirish va inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida tashkilot doirasida amalga oshirilishi ta’kidlanmoqda.

To‘rtinchidan, Butunjahon turizm tashkiloti huzurida Sayyohlik bo‘yicha tarixiy shaharlar kengashini tuzish.

Bu platforma madaniy meros obyektlariga sayyohlar oqimini ko‘paytirish, tarixiy yodgorliklarni asrash bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan almashish, tavsiya va samarali yechimlarni shakllantirish imkonini beradi.

Prezident kengashning birinchi yig‘ilishini Buxoro shahrida tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Beshinchidan, Samarqandda turizm sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan, Butunjahon turizm tashkilotining Xalqaro turizm akademiyasi ochildi.

Ishonchim komilki, ushbu Akademiya global ta’lim xabiga aylanadi va jahon turizm sanoatini yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston iqtidorli mutaxassislar uchun maxsus grantlarni taqdim etadi va davlatlar vakillarini bu dasturda faol ishtirok etishga chaqiradi", — dedi prezident.

Oltinchidan, tashkilot bilan hamkorlikda Jahon yoshlar turizmi sammitini Toshkentda o‘tkazish haqidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlash.

Yettinchidan, “Ipak yo‘li” brendini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun tashkilotning maxsus xalqaro mukofotini ta’sis etish.

Ushbu rejani amalga oshirishda yangidan Butunjahon turizm tashkiloti bilan hamkorlikda ochgan “Ipak yo‘lida turizm” tematik ofisi shug‘ullanishi mumkin.

Shuningdek, jurnalistlar, blogerlar va OAV vakillari uchun tashkilot qo‘shimcha platformalar yaratish orqali kuch va salohiyatini birlashtirishda faol rol o‘ynashi lozimligi ta’kidlandi.

Shu sabab, yetakchi OAV, jurnalistlar va eng yaxshi sayohat blogerlarini o‘zida birlashtiradigan Global media kampusinini tashkil etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunday media forumlarni har ikki yilda bir marta tashkilot Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyalari doirasida o‘tkazish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Birinchi media kampus esa O‘zbekistonda qabul qilinishi mumkinligi bildirildi.

Bundan tashqari, Samarqandni “Madaniy turizmning xalqaro poytaxti” deb e’lon qilish va tegishli deklaratsiyani qabul qilishga doir tashabbusni qo‘llab-quvvatlash so‘raldi.