Samarqandda xalqaro turizm akademiyasi ochildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Akademiyaning ochilishi joriy yilning 20-oktabr kuni Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) sessiyasi doirasida o‘tkazildi. Unda Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili ishtirok etdi.

Turizm akademiyasi turizm sanoati va iqtisodiyot sohasini rivojlantirishga xizmat qiladigan malakali kadrlar sinfini shakllantirishga qaratilgan.

“Akademiyaning asosiy maqsadi turizm sohasida ta’lim sifatini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishdan iborat”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili ochilish marosimida ishtirok etgan turizm vazirlari va turizm boshqarmalari rahbarlarini akademiya faoliyatini tashkil etish va o‘quv jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Akademiyaning o‘quv dasturi Shveysariya tajribasi asosida ishlab chiqilgan. Akademiyada treninglar xorijiy maslahatchilar tomonidan olib boriladi.

Uni tamomlagandan so‘ng bitiruvchiga jalb qilingan hamkor ta’lim muassasalari tomonidan tan olingan sertifikat beriladi. Har bir modul yakunida esa, talabalar xususiy sektor hamkor kompaniyalarida amaliyot o‘tash orqali amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasidagi nutqida ham Samarqandda turizm sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan va ularning malakasini oshirishga qaratilgan mazkur akademiya ochilishi haqida qayd etgandi.

Prezident akademiya global ta’lim xabiga aylanadi va jahon turizm sanoatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi. Akademiya kelgusi o‘quv yilidan o‘zbekistonlik iqtidorli mutaxassislar uchun maxsus grantlarni taqdim etadi.

Avvalroq Janubiy Koreya kompaniyasi Namanganda IT-akademiya tashkil etishi haqida xabar berilgandi. Unda talabalar va o‘qituvchilarga dasturlash tizimlari bo‘yicha bilim berilib, uch yil Namanganda, bir yilni esa Koreyada tahsil olish imkoniyati yaratiladi.