Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Namanganda “IT-Akademiya” tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda “IT Park” matbout xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, Raqamli texnologiyalar vazirligi Namangan viloyati hududiy sho‘basi, “IT Park” Namangan filiali hamda Koreyaning “School Foundation Sang Yoo” kompaniyasi bilan memorandum imzolandi.

Hujjat Namangan to‘qimachilik sanoati institutida “IT-Akademiyasi"ni tashkil etishni nazarda tutadi. Akademiya kompyuterlar bilan ta’minlanib, unda talabalar va o‘qituvchilarga dasturlash tizimlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar beriladi.

Ta’lim olish dasturining dastlabki uch yili Namangan to‘qimachilik sanoati institutida, yana bir yili Janubiy Koreyadagi to‘qimachilik sanoati sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim tashkilotlarida davom ettirilishi ko‘zda tutilgan.

Joriy yilning iyun oyida Toshkentda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi bilan “U-Enter” innovatsion biznes-inkubator markazi ochilgandi.