O‘zbekiston Afg‘oniston va Pokiston bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha ishchi guruh tuzadi. Bu haqda “Anadolu” nashri xabar berdi.

Bu bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Pokiston Savdo va sanoat vaziri Gohar Ijaz va uning Afg‘oniston muvaqqat hukumatidagi hamkasbi Hoji Nuruddin Aziziy ishtirokida Islomobodda muzokaralar olib borilgan.

OAV xabarlariga ko‘ra, bayonatda boshqa tashabbuslar qatori bojxona jarayonlarida elektron hujjat aylanishini joriy etish ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, mamlakatlar savdo uchun viza tartibini soddalashtirishga kelishib oldi.

Shuningdek, qo‘shma sarmoyaviy loyihalar ustida ishlash, bank tizimini rivojlantirish rejalashtirilgan. Istiqbolli yo‘nalishlar qatorida oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha tashabbuslar ham bor.

Ijaz ushbu protokolni Toshkent, Kobul va Islomobod o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar va hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi “muhim qadam” deb atadi. U savdo va tranzit transportida “ajoyib vaqt"ni kutmoqda.

Afg‘oniston Sanoat va savdo vazirligi ishchi guruh kelasi hafta yig‘ilishini ma’lum qildi. Uning asosiy vazifasi uch davlat o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish va bunga to‘sqinlik qilayotgan to‘siqlarni bartaraf etishdan iborat.

O‘zbekistondan birinchi tranzit yuk, ya’ni to‘rt yuk mashina paxta ipidan iborat karvon 2021-yilning noyabr oyida Pokistonga yetib keldi. 2022-yilning fevralida Pokiston bilan tranzit savdo bitimi tasdiqlandi.

O‘sha yili, mart oyiga kelib esa, Pokiston O‘zbekistonga go‘sht yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Joriy yilning iyun oyida Bosh vazir Abdulla Aripov Belarusdan Afg‘oniston va Pokistonga yangi multimodal transport koridorini yaratish taklifini bildirdi.

Ayni paytda uchta mamlakat Transafg‘on temir yo‘li qurilishi bo‘yicha ham hamkorlik qilmoqda. Temir yo‘lni ishga tushirish 2027-yilda amalga oshirilishi ma’lum qilingan.

May oyida Toshkentda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi. Iyulda tomonlar loyihaning moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish masalalari, texnik tafsilotlar va amalga oshirish muddatlarini ko‘rib chiqishdi.

Avgustga kelib, O‘zbekiston Afg‘oniston va Pokiston orqali Hind okeani portlariga chiqish uchun xalqaro transport koridorini shakllantirish hamda ikki davlat transport logistika korxonalari hamkorligini kuchaytirishni muhomaka qildi.