O‘zbekiston Afg‘oniston bilan tranzit cheklovlarini olib tashlash masalalarini muhokama qilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, Transport vaziri Ilhom Mahkamov, prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev bilan Afg‘oniston Transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri vazifasini bajaruvchi Mullo Hamidullo Oxunzoda o‘rtasida muzokaralar olib borildi.

O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston avtomobil yo‘nalishi bo‘ylab ekspeditsiya amalga oshirilib, Qobul shahrini Afg‘oniston shimoli (Mozori-Sharif) bilan bog‘lovchi “Salang” dovoni hamda Afg‘oniston va Pokiston chegarasidagi “Torxam” chegara o‘tkazish punktida o‘rganishlar olib borildi.

Ikki tomonlama muzokaralarda Afg‘oniston va Pokiston orqali Hind okeani portlariga chiqish uchun xalqaro transport koridorini shakllantirish hamda ikki davlat transport logistika korxonalari hamkorligini kuchaytirish muhomaka qilindi.

Shuningdek, xalqaro avtomobil tashuvchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish va Afg‘oniston hududidan tranzit amalga oshirish hamda boshqa manzillarga yuk tashishga o‘rnatilgan cheklovni olib tashlash masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistondan birinchi tranzit yuk, ya’ni to‘rt yuk mashina paxta ipidan iborat karvon 2021-yilning noyabr oyida Pokistonga yetib keldi. 2022-yil;ning fevralida Pokiston bilan tranzit savdo bitimi tasdiqlandi.

O‘sha yili, mart oyiga kelib esa, Pokiston O‘zbekistonga go‘sht yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Joriy yilning iyun oyida Bosh vazir Abdulla Aripov Belarusdan Afg‘oniston va Pokistonga yangi multimodal transport koridorini yaratish taklifini bildirdi.

Ayni paytda uchta mamlakat Transafg‘on temir yo‘li qurilishi bo‘yicha ham hamkorlik qilmoqda. Temir yo‘lni ishga tushirish 2027-yilda amalga oshirilishi ma’lum qilingan.

Joriy yilning may oyida Toshkentda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi. Iyul oyida tomonlar loyihaning turli jihatlarini, jumladan, moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish masalalari, texnik tafsilotlar va amalga oshirish muddatlarini ko‘rib chiqishdi.